Nukusda “Barkamol avlod” bolalar maktablarida tashkil etilgan to‘garak a’zolari o‘rtasida “Barkamol avlod bolalari” festivali bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, “Hunarmand” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagiRrespublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori D.Uralov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Qojabayeva so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining 2019-yil 30-sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Festivalda “Madaniyat va san’at” (Tasviriy san’at va libos), “Texnik konstruktorlik va modellashtirish” (robototexnika va konstruktorlik), “Jismoniy tarbiya va sport” (shaxmat va shashka), “Hunarmandchilik va qo‘l mehnati” (milliy kashtachilik), “Turizm va ekologiya” (landshaft), “Oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlash” (mental arifmetika), “Xorijiy tillar” (ingliz tili) yo‘nalishlari bo‘yicha 15 ming nafardan ziyod o‘quvchi-yosh ishtirok etdi.

Tadbir doirasida ijodiy uchrashuvlar, ta’lim muassasalarida targ‘ibot ishlari, o‘quv-seminarlar, ko‘rgazma-yarmarkalar, eko sayillar, konsert dasturlari tashkil etildi.

Festival-tanlov yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar maxsus diplom, qimmatbaho esdalik sovg‘alari, festival ramzi tushirilgan statuetka bilan taqdirlandi. Tadbir ishtirokchilariga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari