AQSHning Omaxa shahrida ot sporti turlari bo‘yicha Jahon kubogining final musobaqalarida barcha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Konkur dasturida “Lanselotta” laqabli tulporida vatanimiz sharafini himoya qilgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nurjon Tuyakboyev musobaqada dunyoning eng kuchli chavandozlari bilan bahs yuritdi.
Jahon kubogida hamyurtimiz Tuyakboyev dunyo reytingida eng yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan 19 davlatning 41 nafar chavandozi orasida birinchi bor ishtirok etishiga qaramasdan 15 nafardan ziyod jahon chempionati va olimpiya o‘yinlari g‘oliblari, sovrindorlari bilan saralash bahslarida mardonavor kurashdi va final yo‘llanmasini qo‘lga kritdi.
Kecha poyoniga yetgan final bahsida Nurjon medallar uchun kurash olib bordi va jahon chempionatini 40 nafardan ortiq chavandoz orasida kuchli yigirmatalikda yakunladi.
Kutilganidek, konkur yo‘nalishida Xalqaro ot sporti reytingida birinchi o‘rinda borayotgan shvetsiyalik Xenrik Von Ekerman jahon kubogi g‘olibiga aylandi. Ikkinchi o‘rin 2016 yilgi dunyo birinchiligi kumush medal sohibi niderlandiyalik Garri Smoldersga nasib etdi. Kuchli uchlikka AQSH vakili Xanter Xollouvey yakun yasadi.
Jahon kubogida umumiy medallar jamg‘arishda 5 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medaliga sazovor bo‘lgan Germaniya terma jamoasi 1-o‘rinni egalladi. 1 ta oltin medalga ega chiqqan Shvetsiya vakillari 2-o‘rin hamda 2 ta kumush medalli bo‘lgan Niderlandiya terma jamoasi 3-o‘rindan joy oldi.
Xalqaro ot sporti federatsiyasining reyting ochkolarini taqdim etgan hamda “Parij-2024” Olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lgan Jahon kubogi musobaqalarida terma jamoamiz a’zosi Nurjon Tuyakboyev garchi sovrinli o‘rinlarni egallamagan bo‘lsa-da, XXI asr ot sporti tarixida Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari orasida ilk bor Jahon kubogida o‘z tulpori bilan qatnashgan sportchi sifatida e’tirof etiladigan bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA