Xabar berganimizdek, Amerika Qo‘shma Shtatlarining San-Antonio shahrida professional boks bo‘yicha o‘tkazilgan qiziqarli bahsda hamyurtlarimiz Murodjon Ahmadaliyev va Isroil Madrimov ringga ko‘tarildi.
Super yarim o‘rta vazn toifasida 10 ta jang o‘tkazib, 9 tasida g‘alabaga erishgan Isroil Madrimov o‘rta vaznda navbatdagi jangini o‘tkazdi. Amerikalik Rafael Igbokve bilan 10 raundga mo‘ljallangan jang to‘liq davom etdi va hakamlarning qarori bilan hamyurtimiz g‘alaba qozondi.
Boks kechasining markaziy bahslaridan birida iste’dodli bokschimiz Murodjon Ahmadaliyev filippinlik Marlon Tapalesga qarshi himoya jangida ishtirok etdi.
Ikkinchi yengil vazn toifasida WBA va IBF chempionlik kamarlari sohibi Murodjon Ahmadaliyev navbatdagi himoya jangida IBF chempionligini filippinlik Marlon Tapalesdan himoya qildi. 12 raundga belgilangan jang to‘liq davom etgan uchrashuvda hakamlar qarori bilan filippinlik bokschiga yutuq taqdim etildi. Hakamlarning ikki nafari 115:113 hisobi bilan Tapales foydasiga qaror chiqargan bo‘lsa, uchinchi hakam 118:110 hisobida Murodjonning g‘alabasini e’tirof etdi. Shu tarzda filippinlik bokschi hamyurtimizga tegishli professional boksning ikkinchi yengil vazn toifasidagi IBF chempionlik kamarini vaqtinchalik qo‘lga kiritdi.
Murodjon o‘ziga tegishli kamarni tez orada o‘ziga qaytarib oladi, degan umiddamiz.
T. Ro‘ziyev, O‘zA