Yaqinda Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida xokkey bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Osiyo-Okeaniya chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston U-18 terma jamoasi beshta uchrashuvning barchasida g‘alabaga erishib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.

O‘zA muxbiri yosh xokkeychilarimizning ushbu chempionatdagi g‘alabalari hamda O‘zbekistonda xokkeyning rivoji xususida O‘zbekiston terma jamoasi sardori Jasurbek Rustamxonov bilan suhbatlashdi.

— Jasurbek, avvalo g‘alaba bilan tabriklaymiz. Siz musobaqada 26 ochko jamg‘arib, “Musobaqaning eng yaxshi xokkeychisi” deya e’tirof etildingiz. Bunday muvaffaqiyatni qo‘lga kiritish jarayoni qanday kechdi?

— Musobaqaga murabbiy ko‘rsatmalari asosida jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Mashg‘ulotlarni deyarli hech birimiz qoldirmadik. Kunimizning asosiy qismi sport majmuasida o‘tdi. O‘yin boshida Turkmanistonni 5:0 ga yutdik. Ilk tashlagan qadamimizning g‘alaba bilan yakunlanishi bizga yanada ko‘proq kuch-g‘ayrat bag‘ishladi. Eronni 14:1 hisobida, Tailandni 10:2, BAAni 8:1 ko‘rinishida yutdik. Mo‘g‘uliston bilan o‘yinimiz anchagina qiyin kechdi. Ularning xokkeychilari juda kuchli ekan. Ammo omad biz tomonda bo‘ldi, mo‘g‘ulistonlik raqiblarimizni 7:4 hisobida mag‘lub etdik. Osiyo-Okeaniya chempionatining eng yaxshi xokkeychisi ekanligimdan xursandman.

— Siz maydonda qaysi pozitsiyada o‘ynaysiz, vazifangiz nimalardan iborat?  

— Markaziy himoyachiman. Asosiy vazifam to‘pni qaytarish va qayta hujumni ta’minlash, himoya chizig‘ini tashkil qilishdan iborat.

— Aksariyat yigitlar futbol yoki boksni, ko‘plari esa yakka kurash sport turlarini tanlashadi. Xokkeyni tanlashingizga nima sabab bo‘lgan?  

— Yoshligimda juda ko‘p kasal bo‘lganligim sababli ota-onam shu sport turiga berishgan. Xokkeyga borishni boshlagach, sog‘lig‘im yaxshilangan. Xokkey jamoaviy o‘yin bo‘lgani uchun unda bahsli vaziyatlar juda ko‘p bo‘ladi. Jamoada kimdir xato qilsa, boshqalar uning kamchiligini tuzatish uchun yordam berishi, misol uchun goldan qutqarib qolishi mumkin. Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun degan shior aynan xokkeyga tegishli, nazarimda.

— Yurtimizda xokkey sport turining rivojlanish holatiga munosabatingiz qanday?  

— Boshqa sport turlari kabi yurtimizda xokkeyga katta e’tibor qaratilyapti. Toshkent shahrida katta va kichik hududli muz maydonlari soni ortib bormoqda. Samarqand, Andijon viloyatlarida ham zamonaviy muz maydonlari faoliyat yurityapti. Mana shunday muz maydonlari ko‘paytirilsa, xokkeyga bo‘lgan qiziquvchilar soni yanada ortishi shubhasiz.

— Ustozlaringiz kimlar?  

— Tajribali murabbiylar Abdumajid Nosirov, Alisher Azimov, Artur Faxriddinovlarni ustozlarim sifatida bilaman. Hozir 15 yoshdaman. Hali murabbiylarimdan xokkeyning sir-sinoatlarini o‘rganadigan jihatlar juda ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Jasurbek Rustamxonov jamoasi hamda murabbiylari bilan Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilayotgan U-16 Qozog‘iston chempionatida ishtirok etmoqda.

Shu paytgacha o‘tkazilgan “Astana” va “Yunost” jamoalari bilan uchrashuvlarda hamyurtlarimiz kichik hisobda imkoniyatni boy berishgan bo‘lsa, Irtыsh jamoasi bilan kechgan o‘yinda terma jamoamiz a’zolari 10:5 hisobida g‘alabaga erishdi. 9 aprelgacha davom etadigan birinchilikda yurtimiz xokkeychilariga omad tilaymiz.

 

Nigora Rahmonova suhbatlashdi,  

O‘zA