Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rganishlariga ko‘ra, yirik mahallalar aholi soni yuqori bo‘lganligi sababli ovoz berishda ustunlikka ega bo‘lishi mumkinligi aniqlangan.

Ovoz berishda tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, barcha mahallalar aholisi uchun loyihalarni amalga oshirishda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida vazirlik tomonidan bir qancha texnik va uslubiy yechimlar ishlab chiqilmoqda.

Jumladan, FACE ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmini joriy etish. Bunda, tasdiqlangan foydalanuvchilar tomonidan berilgan ovozlarni sms orqali berilgan 5 yoki 10 ovozga tenglashtirish, kam sonli aholi yashaydigan mahallalar aholisi tomonidan ilgari surilgan loyihalar uchun ko‘paytirish koeffitsiyentini joriy etish amaliyoti ko‘rib chiqiladi.

Bunda kichik mahallalar loyihalariga katta mahallalar aholisi tashabbusi bilan teng sharoitlarda raqobatlashish imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, tashabbuslar uchun ovoz berishning shaffofligi va adolatliligini ta’minlashga qaratilgan boshqa takliflar ishlab chiqilmoqda.

O‘zA