Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida Navro‘z bayrami Amfiteatrning ochilish marosimiga ulandi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev tuman aholisini yangilanish va yasharish ayyomi bilan muborakbod etdi.

Yangidan qad rostlagan, tuman ko‘rkiga ko‘rk va fayz bag‘ishlayotgan  1 ming 400 o‘rinli zamonaviy Amfiteatr qurilishi uchun mahalliy byudjet hisobidan 5,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. Mazkur inshoot uzoq yillar mobaynida aholining, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy dunyosini boyitishga, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga, madaniyatimiz bilan san’atimiz rivojiga xizmat qiladi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar asosida Chimboy tumanining o‘zida 4 ta ijtimoiy soha ob’ektida 15 milliard so‘mlik, 14,8 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini barpo etishga 2,9 milliard so‘mlik, 30,7 kilometr ichki yo‘llarda 7,3 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari olib borildi. Shuning hisobidan tuman tibbiyot birlashmasi, Yoshlar markazi, Madaniyat uyi, futbol maydonchasida, Yoshlar alleyasida, “Motamsaro ona” haykali va boshqa bir qator ob’ektlarda qurilish ishlari olib borildi. Osoyishta hayot ramzi hisoblangan Kurant soati ishga tushirildi. Bularning barchasi tuman aholisining farovon hayotini ta’minlashga xizmat qiladi.

Amfiteatr binosi oldida har bir xalqning milliyligini o‘zida mujassam etgan taomlar, buyumlar va kiyim-kechaklar ko‘rgazmasi namoyish etildi. San’at ustalarining ijrosidagi bayram konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Yangilanish va yasharish ayyomi Navro‘zi olam shodiyonalari tumanda davom etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA