O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida referendumga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida MSK kotibi Xudoyor Mamatov ma’ruza qilar ekan, referendumni o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari, kotibi o‘rinbosari lavozimiga 33 mingga yaqin nomzod shakllantirilganligini ta’kidladi:

– Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martdagi hamda Oliy Majlis Senatining 14 martdagi qarorlariga muvofiq «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi 2023 yil 30 aprel – yakshanba kuni o‘tkazilishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi referendumini milliy qonunchilikka mos tarzda, uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun referendum komissiyalari a’zolari hamda referendum jarayoni ishtirokchilarining bilimi va ko‘nikmasi yuqori darajada bo‘lishi muhim. 2022 yilda Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlagan edi. Mazkur hujjat asosida respublikamizning barcha hududlarida referendum va saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi.

Referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyalarini tashkil etish uchun respublika shtabi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy, hamda tuman, shahar shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 104 nafar respublika trenerlari, 966 nafar hududiy trenerlar, okrug va uchastka komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari, kotibi o‘rinbosari lavozimiga 33 mingga yaqin nomzod shakllantirildi. Referendumni o‘tkazuvchi komissiyalar tomonidan o‘quv-seminarlar shu yil 10 aprelga qadar yakunlanadi.

Majlisda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishga qaratilgan o‘qitish jarayonlarining navbatdagi bosqichini amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilindi.

M.Komilova, O‘zA