O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Elektron hukumat” tizimining ma’lumotlarni qayta ishlash markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Qarorda “Elektron hukumat” tizimining ma’lumotlarni qayta ishlash markazini ishga tushirish hamda davlat axborot tizimlari va resurslarini bosqichma-bosqich joylashtirish, saqlash va qayta ishlash belgilab berilgan.

“Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Elektron hukumat” tizimining ma’lumotlarni qayta ishlash markazi ish boshlaydi. Ushbu markazning asosiy vazifasi:

manfaatdor davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini joylashtirish va saqlash;

“Elektron hukumat” tizimi infratuzilmasiga oid davlat axborot tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash, ularni saqlash va qayta ishlash;

axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan davlat organlari bilan hamkorlikda “Elektron hukumat” tizimining ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga joylashtirilgan va saqlanayotgan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari xavfsiz va barqaror ishlashini, axborot va kiberxavfsizlik talablariga muvofiq faoliyat yuritishini ta’minlash, shuningdek, bulutli texnologiyalar asosida davlat organlari va tashkilotlari uchun yangi turdagi xizmatlarni joriy etishdan iborat.

“Elektron hukumat” tizimining ma’lumotlarni qayta ishlash markazida davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini joylashtirish, saqlash va qayta ishlash tartibi mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizom doirasida amalga oshiriladi.

O‘zA