O‘zbekiston va Afg‘oniston AKT vazirliklari o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Afg‘oniston kommunikatsiya va axborot texnologiyalari vaziri Shahzod Gul Aryobi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, jumladan, yuqori tezlikdagi tranzit aloqa kanallarini tashkil qilish, ikki mamlakat tarmoq operatorlari o‘rtasidagi xalqaro telefon trafik sig‘imini kengaytirish, internet tarmog‘iga tezkor ulanishni tashkil qilish, AKT sohasida kadrlar tayyorlash kabi yangi yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, ushbu loyihalar nafaqat aloqa sohasida, balki boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlikning kengayishiga xizmat qiladi.

Muzokaralarning mantiqiy davomi sifatida ikki mamlakat o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjatdan ko‘zlangan maqsad – ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, telekommunikatsiya, axborot texnologiyalari va pochta xizmatlarini ko‘rsatishda tajriba almashish hamda o‘zaro aloqalarni kengaytirishdan iborat. Memorandumda, shuningdek, AKT sohasida texnik yordam ko‘rsatish masalasi ham ko‘zda tutilgan.

Anglashuv memorandumi asosida tomonlar hamkorlikka oid me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtiradi, o‘zaro daxldor bo‘lgan telekommunikatsiya va aloqa tarmoqlari hamda pochta aloqasi infratuzilmasini maqbullashtirish choralarini ko‘radi. Xususan, Markaziy Osiyoga O‘zbekiston orqali o‘tadigan pochta tranzitining faoliyati ta’minlanadi.

Uchrashuvda tomonlar AKT sohasining turli yo‘nalishlarida raqobatdoshlikni oshirish, “elektron hukumat” yo‘nalishida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

– Afg‘oniston Prezidentining mamlakatimizga tashrifi chog‘ida AKT sohasida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan ham kelishuvga erishilgan edi. Mazkur kelishuv asosida Afg‘oniston AKT vaziri boshchiligidagi delegatsiya bilan sohaning turli yo‘nalishlarida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, birinchi galda Afg‘oniston bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalarni amalga oshirish, internet tranzitini oshirish masalalarini ko‘rib chiqdik, – deydi O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmadxo‘jayev. – Afg‘oniston tomoni o‘z mutaxassislarining O‘zbekistonda bilim va tajriba oshirishiga qiziqish bildirmoqda. Imzolangan memorandum doirasida afg‘onistonlik talabalarni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universitetlarida ta’lim olishini tashkil qilish ham ko‘zda tutilgan.

Muzokaralar doirasida «O‘zbektelekom» AK hamda «Afghan Telecom Corporation» o‘rtasida Strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Telekommunikatsiya sohasining iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni hisobga olinib, tomonlar telekommunikatsiya yo‘nalishida o‘zaro xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

– «Yo‘l xaritasi»ga asosan vazirliklarimiz telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldi. Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, internetga tezkor ulanishni tashkil qilish yuzasidan yangi imkoniyatlarni izlaymiz, – deydi «Afghan Telecom Corporation» bosh direktori Ajmal Ayan. – Xususan, tomonlar har ikkala mamlakatdagi xalqaro aloqa xizmatlariga ehtiyojni o‘rganish, shunga ko‘ra maqsadli ravishda «O‘zbektelekom» va «Afghan Telecom Corporation» kompaniyalarining telekommunikatsiya tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro trafik o‘tkazuvchanligini oshirish yuzasidan kelishuvga erishdi.

 

O‘zA