Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida taekvondo WT bo‘yicha poyoniga yetgan “Dutch open” xalqaro turnirida mamlakatimiz sportchilari 3 ta oltin, 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Jahon chempionlari, Olimpiada o‘yinlari sovrindorlari ishtirok etgan mazkur turnirda hamyurtlarimizdan Jasur Jaysunov (74 kg.), Shuhrat Salayev (80 kg.) va Nikita Rafalovich (87 kg.) oltin medallarga sazovor bo‘ldi.

Tokio olimpiadasidagi g‘alabasidan keyin vazn toifasini o‘zgartirgan Ulug‘bek Rashitov hamda o‘tgan yili jahon chempionligiga erishgan mahoratli taekvondochimiz Svetlana Osipova bu gal bronza medallari bilan kifoyalandi.

Endi taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 18-19 mart kunlari Belgiyaning Lommel shahrida G-2 toifasiga mansub “Belgian Open” musobaqasida medallar uchun kurash olib boradi.

T. RO‘ZIEV, O‘zA