Xabar berganimizdek, sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ayni kunlarda Ozarbayjon poytaxti Bokuda o‘tkazilayotgan Jahon kubogining uchinchi bosqichida ishtirok etmoqda.
Bugun afsonaviy sportchimiz Oksana Chusovitina mazkur musobaqaning tayanib sakrash dasturida medallar uchun kurash olib bordi.
Shiddatli o‘tgan bahslarda Chusovitina tomonidan amalga oshirilgan murakkab mashq hakamlar tomonidan 13.433 ballga loyiq ko‘rildi. Bu esa hamyurtimizning kumush medal bilan taqdirlanishiga olib keldi.
Chusovitina sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i yuksalgan musobaqaning ushbu dasturida oltin medal 13.683 ballga ega Fransiyalik Kolin Devalga nasib etgan bo‘lsa, bronza medalini 13.383 ball jamg‘argan xitoylik Linmin Yu qo‘lga kiritdi.
E’tiborlisi, Oksana Bokudagi muvaffaqiyati bilan uchinchi bor jahon kubogi shohsupasiga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Oksana Chusovitina fevrali oyining so‘nggi kunlarida Germaniyada va mart oyining ilk kunlarida Qatarda o‘tgan Jahon kubogining birinchi va ikkinchi bosqichlarida bronza medaliga sazovor bo‘lgandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA