Mamlakatimizda mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali bank xizmatlari ko‘rsatilishida “inson omilini” minimallashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bank xizmatlarini ommaviylashtirish, korrupsiyaning oldini olish, axborot hamda bank xavfsizligi masalalari  xodimlardan yuqori bilim, huquqiy savodxonlikni talab etadi. Qolaversa, tizim amaliy tajribani doimiy ravishda oshirib borishni taqozo etadi.

Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, jumladan, transformatsiya jarayonlarida axborot va bank xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“O‘zmilliybank” AJda mazkur masalalar alohida e’tiborda bo‘lib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha maqsadli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zmilliybank” AJning o‘quv markazida Bankning Bosh ofisi Axborot va bank xavfsizligi departamenti mas’ul xodimlari, Toshkent shahar bosh boshqarmasi tasarrufidagi filiallar, Toshkent viloyati bosh boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlar filiallarining xavfsizlik, rejim va axborotni himoyalash bo‘limi boshliqlari, bosh mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan  o‘quv mashg‘uloti ham xuddi masalaga bag‘ishlandi.

O‘quv mashg‘ulotlarida xavfsizlik, rejim va axborotni himoyalash yo‘nalishlarida xavf-xatarni aniqlash, ularni bartaraf etish, O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” gi qonuni, uning ijrosiga qaratilgan davlat rahbarining farmon, qarorlari mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, bankda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar xususida ma’ruzalar tinglandi.

– Iqtisodiyotimizning qon tomiri bo‘lgan bank tizimini rivojlantirishda uning xavfsizlik tizimini takomillashtirish muhim hisoblanadi, – deydi “O‘zmilliybank” AJ Xorazm viloyati filialining xavfsizlik, rejim va axborotni himoyalash bo‘limi boshlig‘i Ravshanbek Iskandarov. – Sababi rivojlanayotgan tizimga tahdid ham ko‘payadi. Har xil yolg‘on axborotlar, xabarlar, keng avj olgan korrupsiya bundan mustasno emas. Bilamiz, korrupsiya – taraqqiyot kushandasi hisoblanadi. Bu illatga qarshi kurashda bankning xavfsizlik, rejim va axborotni himoyalash bo‘limining o‘rni katta. Mazkur seminar ham mazkur masalada malaka oshirish va tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bankda xizmatlarni raqamlashtirish, olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish, komplayens tizimi haqida kerakli ma’lumotlarni bilib oldik. Bu tizimda shaffoflikni ta’minlab, mijozlarimiz ishonchini oshiradi.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilarga kelgusidagi dolzarb vazifalar va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar to‘g‘risida ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Nilufar Bozorova,  

Oybek Pardayev (surat), O‘zA