O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Tadbirda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakat, shuningdek, OIIB bilan moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqboli muhokama qilindi.

Bank rahbariyati mamlakatimizdagi ma’muriy islohotlarni yuqori baholab, sheriklik ko‘lamini kengaytirishda davom etishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, bank mablag‘i hisobidan respublikamizdagi loyihalarni moliyalashtirish ko‘rsatkichi izchil o‘sib borayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki o‘rtasidagi qo‘shma deklaratsiya”ni imzoladilar. Ushbu hujjat asosida 2023-2026 yillar uchun uch yillik hamkorlik dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Dastur energetika, infratuzilmaviy rivojlanish, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarida, shuningdek davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalarni qamrab oladi.

O‘zA