FOTOREPORTAJ

Samarqand yakkakurash sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabida 14-17 yoshli o‘g‘il-qizlar o‘rtasida qo‘l jangi sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bahslari boshlandi.

Musobaqa ochilishida Milliy gvardiya qo‘mondoni, O‘zbekiston qo‘l jangi federatsiyasi raisi R. Jo‘rayev, DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i, qo‘l jangi bo‘yicha viloyat federatsiyasi raisi A. Ahmedov ishtirok etib, qo‘l jangi sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu sport turini yoshlar o‘rtasida ommalashib borayotgani ta’kidladi.

Chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 841 nafar o‘smir o‘g‘il-qiz 35 ta vazn toifasida o‘zaro bellashmoqda.

– Mazkur musobaqa mamlakat terma jamoasini shakllantirishga xizmat qiladi, – deydi musobaqa hakamlar hay’ati bosh kotibi Jo‘rabek Mavlonov. – Musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilar terma jamoaga saralanib, yil yakunida Rossiya Federatsiyasining Tula shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga hozirlik ko‘riladi. Shu bois, bahslar keskin kurashlarga boy o‘tmoqda. Yakunda eng kuchlilar, xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilar terma jamoadan joy oladi.

Musobaqa 12 martga qadar davom etadi.

Alisher ISROILOV (surat), O‘zA