O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rahbari Baxtiyor Saidov Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg bilan uchrashdi.
Tomonlar ikki davlat Prezidentlarining 2022 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvning navbatdagi davrasini o‘tkazish, savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish va qo‘shma hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi, shunga qaramasdan, Mongoliya tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga ilk bor keldi, – dedi uchrashuvdan so‘ng mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda Batsetseg xonim. – Bu imkoniyat aynan menga nasib etganidan behad mamnunman. bugungi muloqotimizga kelsak, to‘g‘risi, hamkasbim Baxtiyor Saidov bilan hozirgi kundagi mavjud imkoniyatlardan kelib chiqadigan dolzarb mavzularni muhokama qilish uchun bizda vaqt yetmay qoldi. Demak, davlatlarimiz hamkorligini rivojlantirish salohiyati o‘ta keng qamrovli va cheksiz (Batsetseg xonimning to‘liq intervyusi O‘zA sayti orqali alohida beriladi).
Muzokara yakuni bo‘yicha O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston hukumatlararo komissiyasini tuzish, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bo‘yicha Ishchi guruhi hamda Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va boshqa qator ikki tomonlama manfaatli masalalarni o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
G‘ayrat Xonnazarov,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA