Mamlakatimizda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarga munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, shuningdek tovarlar va xizmatlarni sotib olishda kreditlar jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish borasida o‘tgan davrda tizimli ishlar amalga oshirildi.

Yaqindagina bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida 2022 yildagi faoliyat va 2023 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar bilan bir qatorda bir nechta Qonun loyihalari muhokama etilib, qabul qilindi. Shulardan biri moliyaviy iste’mol krediti berish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi Qonundir.

“Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 2006 yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘tgan davrda xizmat ko‘rsatuvchi banklar va mikroqarz beruvchi moliyaviy institutlarning soni va xizmat ko‘rsatish ko‘lami kengaydi.

Markaziy bankning ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi uch yilda aholiga milliy valyutada ajratilgan kreditlarda maqsadi belgilanmagan kreditlar toifasiga kiruvchi mikroqarz 2020 yilda 5,8 trillion so‘mni, 2021 yilda qariyib 1,7 barobarga o‘sib, 9,9 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 21,6 trillion so‘mga yetgan.

Ushbu raqamlar aholi tomonidan iste’mol tovarlari va xizmatlariga bo‘lgan talabning yildan yilga tobora ortib borayotganligi hamda mikroqarzlar hajmining ko‘payishidan dalolat beradi.

Iste’mol kreditlari uchun talabning ortib borishi barobarida, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, ya’ni import tovarlar va xizmatlarga iste’mol kreditlar ajratilishida cheklovlarning mavjudligi amaldagi Qonunga o‘zgartirish kiritishni taqazo etmoqda.

Shu bois, moliyaviy iste’mol krediti berish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi Qonun qabul qilinishi zarurati tug‘ildi.

Mazkur Qonunda O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun moliyaviy iste’mol kreditlarni taqdim etish jumlasi amaldagi qonundan chiqarib tashlanmoqda. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, ya’ni import torvarlar va xizmatlar realizatsiyasiga ham ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi birinchidan, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga sog‘lom raqobat muhitini yaratilishi natijasida iste’molchilar uchun sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni hamda sifatli servis va xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

Ikkinchidan, global bozorlarda o‘sayotgan raqobat sharoitlarida, mamlakat ishlab chiqaruvchilarini erkin bozor tamoyillari asosida faoliyat yuritish uchun munosib zamin yaratishiga, qo‘shimcha qiymat yaratilishida yangi g‘oyalar va texnologiyalarni tadbiq etishiga, pirovardida jahon bozorlariga chiqib raqobat yuritishiga xizmat qiladi.

Uchinchidan, aholi iste’moli uchun arzon va sifatli tovar ishlab chiqarilishi va servis va xizmatlar ko‘rsatilishi o‘z navbatida aholining moliyaviy resurslarini tejalishiga olib keladi va buning natijasida iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida talabni vujudga keltiradi, natijada iqtisodiyot uchun qo‘shimcha investitsiya muhiti yaratilishiga olib keladi.

Shuningdek, qonun bilan iste’molchi moliyaviy iste’mol krediti olish to‘g‘risida iste’mol tovarlarini (xizmatlarini) ishlab chiqaruvchi korxonani yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotni oldindan yozma shaklda xabardor qilish tartibi bekor qilinmoqda.

Albatta, mazkur Qonun aholi iste’mol kreditlarini rasmiylashtirishda yengilliklar yaratilishiga, mamlakatda mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining kengayishiga xizmat qiladi.

Qobuljon Tursunov,  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi

O‘zA