Bugun, 7 mart kuni Toshkentda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar maxsus vakillarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston vakillari Afg‘onistondagi mavjud holat, mamlakatdagi vaziyatni tartibga solish va uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv avvalida afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish, mamlakatdagi inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlarni birlashtirish, tez fursatlarda mamlakatda keng vakillik asosida inklyuziv hukumat tuzish, inson huquqlari, jumladan, ayollar va milliy ozchilik huquqini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

– Afg‘onistonga insonparvarlik yuklarini yetkazib berish uchun u bilan chegaradosh Termiz shahrida ko‘p tarmoqli transport-logistika xabini barpo etdik. Bugun u BMTning turli tuzilmalari tomonidan faol ishlatilmoqda, – dedi Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Prezidenti Termizda Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tuzish tashabbusini ilgari surgan edi. Jamg‘arma faoliyati uchun mazkur xabning zamonaviy infrastrukturasidan foydalaniladi.

Yig‘ilish chog‘ida Termizdagi Ta’lim markazida afg‘on yoshlarini o‘qitish ishiga katta ahamiyat berilayotgani, bu esa, o‘z navbatida Afg‘oniston xalq xo‘jaligi uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash imkonini yaratishi aytildi.

Shuningdek, muvaqqat hukumat  tomonidan Afg‘onistonda xalqaro terroristik tashkilotlar faoliyatiga hamda ushbu mamlakat hududidan qo‘shni davlatlarga har qanday tahdidlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish muhimligiga e’tibor qaratildi.

Maxsus vakillar Afg‘onistonga har tomonlama ko‘maklashish, xususan, pandemiya davrida insonparvarlik yordami ko‘rsatish va oziq-ovqat inqiroziga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashishdi.

Shundan so‘ng yig‘ilish yopiq formatda davom etdi. Uning yakunida Ismatulla Irgashev milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing berdi. Keyingi xabarlarda brifingda qayd etilgan ma’lumotlarni batafsil taqdim etamiz. O‘zAni kuzatib boring.

Behruz Xudoyberdiyev, Muhammad Amin (foto), O‘zA