FOTOREPORTAJ
Kasbga mehr qo‘ygan kishi, albatta, mehnatining rohatini ko‘radi. Tajribali muallima Salima Kadirimbetova o‘z faoliyatida buning isbotini ko‘rmoqda.
Muallima 1992 yili Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlab, pedagogik faoliyatini Nukus tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 12-umumta’lim maktabida boshladi. bugungi kunda esa 22-umumta’lim maktabida o‘quvchilarga qoraqalpoq tili va adabiyoti fanidan dars berib kelmoqda.
S. Kadirimbetovaning dars o‘tish uslubi tuman va hatto respublika miqyosida ommalashtirilgan. Shogirdlari tuman, Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston Respublikasi miqyosidagi fan olimpiadalari va “Bilimlar bellashuvi“larida sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Chuqur nazariy bilimga, yuksak metodik mahoratga ega ustoz O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Xalq ta’limi a’lochisi unvonlari hamda 2019 yil o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi g‘olibligiga sazovor bo‘lgan. 2022 yil 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz farmoni bilan Salima Kadirimbetova ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlar qatorida “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
– Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugungi kun o‘qituvchisi universal mutaxassis, ham o‘rgatuvchi, ham o‘rganuvchi bo‘lishi, ya’ni o‘z ustida tinimsiz ishlashi, doimo izlanib yashashi kerak, – deydi S. Kadirimbetova. – Darhaqiqat, qalbida o‘z kasbiga, Vataniga mehr va sadoqat kuchli bo‘lgan o‘qituvchigina haqiqiy vatanparvar shaxsni tarbiyalay oladi. Mamlakatimizda ta’lim sohasini isloh qilish, ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘qitish sifati va pedagog xodimlarning bilim hamda malakasini oshirish, ularning mehnatini munosib baholashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
30 yildan ziyod vaqtdan buyon yosh avlodga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz oilada mehribon uy bekasi hamdir. Turmush o‘rtog‘i bilan uch nafar farzandni voyaga yetkazgan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA