Ayni kunlarda Konstitutsiyaviy islohotlar qizg‘in pallada izchillik bilan davom ettirilmoqda. Ma’lumki, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy sud rahbariyati bilan uchrashib, Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan xalqimiz tomonidan kelib tushgan takliflar yakunlari bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazdi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining matni atroflicha muhokama etildi.
Bugun Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha muhim tashabbusni ilgari surgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
– Fraksiyalarimiz tomonidan konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus demokratik islohotlarni chuqurlashtirish borasidagi jarayonlarga hamohangdir,– dedi O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov. – Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ustida ishlashda har ikkala partiya fraksiyalari a’zolari faol ishtirok etdi. Bundan tashqari, joylarda elektoratimiz vakillari, saylovchilar bilan uchrashuvlar, muhokamalar o‘tkazilib, loyiha bo‘yicha takliflar olindi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish davomida partiya dasturiy maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, takliflarni aks ettirishga harakat qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va davlat boshqaruvi sohalariga oid o‘ta muhim o‘zgarishlar aks etgani, shu sababli qonun loyihasini referendumga qo‘yishdan avval deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasida belgilangan qonunchilik tashabbusiga ega sub’ektlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazayotganini ta’kidladi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida O‘zLiDeP tashkilotlari va deputatlik birlashmalari ham faol ishtirok etayotganini qayd etdi.
Qo‘shma yig‘ilishda so‘z olgan har ikkala fraksiya a’zolari o‘z partiyaviy maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aks etayotgan normalar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Masalan, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha majburiyatlari belgilanayotgani, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni mustaqil tanlashi va amalga oshirishga haqli ekanligi kafolatlanishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqimiz ishtirokida muhokama qilinib, birga tayyorlangani uni xalq Konstitutsiyasi sifatida qabul qilinishiga zamin bo‘lishi alohida e’tirof etildi.
Qizg‘in muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA