Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda ekologik muhitni yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil hududlarni barpo etish, ko‘kalamzorlashtirish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tartibga solish va havoning tozaligiga erishishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi mutasaddilariga ham katta vazifalar yuklatilgan.

–Sohada qabul qilingan qonun hujjatlari va hukumat qarorlari talablari bajarilishini ta’minlash maqsadida o‘tgan 2022 yilda ekologiya masalalari bo‘yicha maxsus vakolatga ega tashkilotlar bilan birgalikda bir qator ishlar amalga oshirildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Maqsud Djumaniyazov. –Shu jumladan, hududimizda muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish maqsadida Qo‘ng‘irot tumani hududidan maydoni 280 ming gektarlik “Borsakelmes” davlat buyurtma qo‘riqxonasi, Mo‘ynoq tumani hududidan maydoni 1 million gektar bo‘lgan “Aralqum” milliy tabiat bog‘i tashkil etilib, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 3,5 million gektarga yetkazildi.

Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida, hududimizda jami 14 million 319 ming tup, shundan bahor mavsumida 8,9 million tup, kuz mavsumida 5 million 368 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda butali o‘simliklar ko‘chatini ekishga erishildi. Jumladan, avtomobil yo‘l yoqalariga 115,5 ming tup, ixota daraxtlari barpo etiladigan yerlarda 378 ming tup, fermer xo‘jaliklari ekin maydonlari atrofiga 1 million 468 ming tup,  ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari hududlariga 760,8 ming tup, obodonlashtirish boshqarmalari ob’ektlarida 1 million 71 ming tup, fuqarolar yig‘inlari va boshqa hududlarda 1 million 109 ming tup, ijtimoiy ob’ektlar hududlarida 449 ming 700 tup daraxt ko‘chati ekildi. Tumanlarda O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasiga qarashli 16 ta o‘rmon xo‘jaligida 250 gektar maydonda ko‘chatxona tashkil etildi.

Shu bilan bir qatorda Nukus shahri va tumanlarda 64,9 gektar maydonda yashil bog‘lar, 101,4 gektar maydonda yashil jamoat sayilgohlarini tashkil etish boshlandi.

Hududlarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 424 nafar ishsiz fuqaro “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘i hisobidan daraxt ekish, sug‘orish va parvarishlash ishlariga jalb etildi. Shahar va tuman hokimliklari tomonidan kam ta’minlangan oilalarga 263 ming 441 tup mevali daraxt ko‘chati bepul tarqatildi.

Ekilgan daraxtlarni  sug‘orish va parvarishlash maqsadida tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 817 kilometr ariq tozalanganligi, 23 dona sug‘orish nasosi ta’mirlanib, soz holatga keltirilganligi aniqlandi. Shuningdek, Nukus shahrida 35 gektar (82 km), Mo‘ynoq tumanida 1 gektar (5,6 km) maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi ishga tushirildi.

Respublikamiz hududidagi davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida 2022 yilda o‘rmon fondi yerlariga kirmaydigan 39 ming 800 dona daraxtni kesishga ruxsat berish bo‘yicha kelib tushgan 116 ta murojaat mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida 24 ta murojaatda keltirilgan to‘liq qurib bo‘lgan va o‘sishi to‘xtagan 451 tup daraxtni kesishga, 3 ta murojaatda keltirilgan 80 tup daraxtni ko‘chirib o‘tkazishga, 26 murojaatda keltirilgan 320 tup daraxtga shakl berishga ruxsat berildi. Bundan tashkari, 68 murojaatda keltirilgan 39 ming tup daraxt kesishga ruxsat berilmaganligi sababli saqlab qolindi.

“Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida” gi  Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun talablariga muvofiq Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda atmosferaga tashlanayotgan zararli chiqindilarning miqdorini kamaytirish bo‘yicha 2-bosqichda “Toza havo” tadbirlari o‘tkazildi. Natijada,  atmosferaga tashlanadigan zararli chiqindilarning belgilangan me’yordan ortganligi aniqlandi. Ushbu holatlarni me’yorga keltirish bo‘yicha avtotransport vositalari boshqaruvchilariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Atmosferaga tashlanadigan zararli chiqindilarning miqdorini kamaytirish maqsadida 6724 ta avtotransport vositasi ekologik jihatdan toza gaz yoqilg‘isiga o‘tkazilib, 88 ta korxona hisobidan 263 ta tabiatni asrash tadbirlarining ijrosi natijasida chiqindilarning miqdori 3423 tonnaga kamaytirildi.

Shu bilan bir qatorda,  “Qoraqalpoqsement” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi 2 dona, “Titansement” mas’uliyati cheklangan jamiyati 1 dona avtomat stansiyasi va oraliqdan kuzatish uskunasi bilan ta’minlandi.

Chiqindilar bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish uchun 2022 yilda “Toza hudud” davlat unitar korxonasi va 7 ta yakka xususiy korxonaning 249 dona maxsus texnikasi, shundan 175 dona chiqindi tashuvchi texnika aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. bugungi kunga qadar aholi qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish uchun 475 chiqindi yig‘ish shaxobchasi va 773 dona chiqindi yig‘ish konteyneri bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, 1344 ta ijtimoiy toifa ob’ektida 2022 yilda o‘rnatish talab etiladigan 823 dona chiqindi konteyneri va qutisidan 481 donasi o‘rnatildi. Bu korxonalar tomonidan jami 277,1 ming metr kub chiqindi yig‘ib olinib, maxsus poligonlarga joylashtirildi. Shuningdek, 161,7 gektar maydonda joylashgan 19 ta maishiy chiqindi poligonida har yili o‘rtacha 260 ming tonna qattiq maishiy chiqindi yig‘ilib, shundan 2022 yilda 77,8 ming tonnasi qayta ishlandi. “Toza hudud” davlat unitar korxonasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki hisobidan 10 dona maxsus texnika olib kelindi.

2017 yilda “Toza hudud” korxonasi 312 nafar xodim bilan ish boshlagan bo‘lsa, hozirgi vaqtda korxonaning shtat birligi 491 nafarga yetkazildi. Natijada, 421 ta fuqarolar yig‘inida xalqni sanitar tozalash xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish darajasi 2017 yilda 43 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil yakunida 100 foizga yetdi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining inspektorlari tomonidan shahar va tumanlarda olib borilgan 2398 nazorat tadbiri natijasida bir qator qonun buzilish holatlari aniqlandi. Shu jumladan, 2022 yilda jami 2321 nafar fuqaro va 21 nafar rahbarlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonun buzilish holatlari bo‘yicha ma’muriy javobgarlik rasmiylashtirilib, 1 milliard 916 million so‘m jarima qo‘llanildi.

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar asosida aholining salomatligiga ta’sir ko‘rsatuvchi ekologik muammolarni bartaraf qilish, ekologiya  va atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, o‘rmonlar maydonini kengaytirish va o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanishda keng ko‘lamli islohotlar va amaliy tadbirlar olib borilishi tizimli ravishda tashkillashtiriladi.

Albatta, shu ahamiyatli vazifalarning bajarilishini natijali va samarali tashkil qilishda davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar raxbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligi kuchaytiriladi. Chunki, bugun atrof-muhitni muhofaza qilish va maishiy chiqindilarni chuqur qayta ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilsa, bu birinchi navbatda, aholining salomatligini mustahkamlashda va kelajak avlodga yashil makonlarni meros qilib qoldirishda katta ahamiyatga ega.

Shuningdek, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkillashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarini samarali tashkillashtirish, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar belgilab olindi. Shu jumladan, maishiy chiqindilar bilan ishlash sohasida 3 ta mamlakat yakka sherikchilik loyihasi amalga oshiriladi va ularni qayta ishlash darajasi 35 foizga yetkaziladi. Umummilliy loyihasi doirasida 35  gektar maydonda “Yashil O‘zbekiston” bog‘i, 64,9 gektar maydonda “Yashil bog‘”lar, 101,4 gektar maydonda “Yashil jamiyat saylgoh”lari tashkillashtiriladi.

Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida 2022-2025 yillarda Nukus shahri, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot va To‘rtko‘l tumanlarida 4 ta yangi zamonaviy poligon qurish va ularda chiqindilarni kompost qilish hamda ajratish uskunalarini o‘rnatish, Ellikqal’a, Beruniy, Shumanay, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Chimboy, Taxtako‘pir, Amudaryo tumanlarida jami 8 ta chiqindini qayta ishlash stansiyasini qurish, ularni konteyner va maxsus texnika bilan ta’minlash ishlari olib boriladi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA