Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini barvaqt o‘rganish va hal etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Aytib o‘tish kerakki, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar 896 ming nafarni (aholining 2,5 foizi) tashkil etadi. Ulardan 159 ming nafari 18 yoshgacha bo‘lgan, 518 ming nafari mehnat yoshidagi va 219 ming nafari pensiya yoshidagi shaxslardir.

Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror nogironligi bo‘lgan fuqarolar huquqlarining kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Mazkur hujjat bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotida teng ravishda ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Ularning o‘z huquqlaridan foydalanishda yanada qulay bo‘lgan tizim joriy etiladi.

Adliya vazirligi mazkur qaror bo‘yicha o‘tkazgan brifingda hujjatning mazmun-mohiyati va ijrosi bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratdi.

2023 yilda 475 nafar muhtoj shaxslar zamonaviy xorijiy protez-ortopediya buyumlari bilan bepul ta’minlanadi. Bunda sohaga ajratilgan mablag‘lar doirasida 17,9 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Endilikda nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslarga, balki ularga g‘amxo‘rlik, hamrohlik qilayotgan, ularning og‘irini yengil qilishga xizmat qilayotgan oila a’zolari, yaqinlari bo‘lgan fuqarolarga ham imtiyoz va yengilliklar beriladi.

Davlat xizmatlaridan foydalanishda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari, tibbiyot, ta’lim, madaniyat muassasalarida fuqarolarning bevosita hozirligida ko‘rsatiladigan xizmatlardan navbatsiz foydalanish hamda davlat idoralari rahbarlari (mansabdor shaxslari) qabuliga navbatsiz kirish bo‘yicha imtiyoz beriladi.

2023 yil 1 yanvardan Adliya vazirligi tomonidan “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushirilgan. Endilikda mazkur axborot tizimi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari himoyasini yanada oshirish maqsadida ular uchun advokatlar tomonidan ixtiyoriy ravishda bepul professional yuridik yordam ko‘rsatilishi (pro bono) tashkil etiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qaror nogironligi bo‘lgan fuqarolarning og‘irini yengil qilishga qaratilgan eng muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.

N.Abduraimova, O‘zA