Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisi bugun o‘z ishini davom ettirmoqda.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilayotgan yalpi majlisni Senat raisi Tanzila Norboyeva olib bormoqda.

Majlisning kecha bo‘lib o‘tgan birinchi ish kunida kun tartibiga kiritilgan masalalardan asosiy qismi muhokama etildi. Senatning 2022 yildagi faoliyati va 2023 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari ko‘rib chiqildi.

Ko‘rilgan boshqa masalalarning barchasi qonunlar bilan bog‘liq bo‘lib, ularning barchasi senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senat yalpi majlisi ikkinchi ish kunida yangidan kiritilgan “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, majlisda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holati haqidagi axboroti eshitiladi.

Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida tezkor va batafsil O‘zA saytida tanishtirib boramiz.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA