Odamdan odamga yuqadigan parranda grippi yangi pandemiyani keltirib chiqarishi mumkin, shu bois jahon hamjamiyati unga tayyor turishi kerak, dedi chorshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) epidemiologi Richard Pibodi “El Pais” gazetasiga bergan intervyusida, deb yozmoqda RIA Novosti.

“Parranda grippi odamdan odamga o‘tish qobiliyatini o‘zlashtirayotganidan xavotir bor va bu yangi pandemiyani keltirib chiqarishi mumkin. Biz bunga tayyor turishimiz kerak. Ilmiy doiralarda ushbu viruslarning genetik ketma-ketligi o‘rganilmoqda, maqsad ularni kuzatib borish va zarurat paydo bo‘lganida foydalansa bo‘ladigan arzon vaksinalarni yaratish”, — dedi u.  

Epidemiologning izoh berishicha, bundan ikki-uch yil avval  millionlab yovvoyi va uy parrandalarini nobud qilgan yangi parranda grippi A (H5N1) virusining o‘ziga xos turi  tufayli paydo bo‘lgan.

“Hushyor bo‘lishimiz kerak. Muhimi, odamlar o‘lgan yoki chalajon parrandalarni hamda  jonivorlarni qo‘liga ushlamasligi kerak. Qolaversa, parranda fabrikasi ishchilari ham yaxshi himoyalangan bo‘lishi lozim”, — deya ogohlantiradi Pibodi.

Uning ta’kidlashicha, mazkur muammo, ayniqsa, qishloqlarda kambag‘al oilalar uchun xavfli, chunki aksariyat hollarda ular uy parrandalarini boqadi.

Ushbu yuqori patogenli gripp paydo bo‘lgani haqida ilk bor 1996 yilda ma’lum qilingan edi.  2003 yilda kasallik parranda parvarishiga aloqador  odamlarda qayd etila boshlandi. Grippning ushbu shtammi nafas olish yo‘llarining pastki qismlarini zararlaydi, natijada virus pnevmoniyasi hamda  o‘tkir nafas yetishmasligi sindromini keltirib chiqaradi.