Ombudsman huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm joriy etilgani inson huquqlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) boshchiligida uning hududlardagi mintaqaviy vakillari hamda qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari a’zolari ishtirokida penitensiar muassasalarga monitoring tashriflari muntazam o‘tkazilmoqda.

2019 yilda 46 marotaba, 2020 yilda 71 marotaba, 2021 yilda 177 marotaba, 2022 yilda 381 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Monitoringlarda muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, oziq-ovqat bilan ta’minlanishi, kerakli tibbiy xizmat ko‘rsatilishi, ruhiy yoki jismoniy bosimlar bor yoki yo‘qligi o‘rganilmoqda.

Toshkentda harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarga o‘tkaziladigan monitoringlarda jinsiy va gender zo‘ravonlik holatlari va ularni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda yuqoridagi raqamlar qayd etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda qayd etilishicha, fuqarolar huquqi, erkinligi kafolati kuchaytirilmoqda.

Jumladan, inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Natijada harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishildi.

Tadbir davomida qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida gender masalalari, qamoqqa olish joylarida jinsiy va genderga asoslangan zo‘ravonlik sodir bo‘lish xavfini aniqlash va bu boradagi xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar, mahkum va mahbuslar bilan muloqot ko‘nikmalari va boshqa mavzularda muhokamalar o‘tkazildi.

O‘zaro savol-javob va qiziqarli interaktiv o‘yinlar orqali tashkil etilgan seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

N.Abduraimova, O‘zA