Braziliyada bo‘lib o‘tgan “Global Janub” media-forumi doirasida “Dunyo” AA direktori Omonulla Fayziyev Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi prezidenti Fu Xua bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi direktori Omonulla Fayziyev Braziliyaning San-Paulu shahrida bo‘lib o‘tgan “Global Janub” ommaviy axborot vositalari va tahlil markazlari forumida ishtirok etdi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Qayd etilishicha, muloqot davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida barcha sohalarda rivojlanayotgan strategik sheriklik aloqalarini keng jamoatchilikka yetkazish, jumladan, axborot agentliklari o‘rtasida faol axborot almashinuvlarini yo‘lga qo‘yish masalalari haqida fikr almashildi.

“Tomonlar “Dunyo” AA va “Sinxua” AA o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolash to‘g‘risida kelishib oldilar”, deyiladi xabarda.

“Dunyo” AAga ko‘ra, forumda dunyoning 70 ta davlatidan 170 ta ommaviy axborot vositalarining 350 nafar eksperti va jurnalistlari qatnashgan.

Anjumanning maqsadi madaniy almashinuv va hamkorlik platformasini yaratishdan iborat.

Tadbir “Sinxua” axborot agentligi (Xitoy) va Braziliya kommunikatsiyalar agentligi singari dunyodagi yetakchi media kompaniyalar tomonidan tashkil etilgan.

O‘zA