So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli tashkiliy-amaliy va huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Milliy qonunchiligimizni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga oid ishlar qamrovi ham tobora kengayib bormoqda.

BMTning 1955 yildagi jinoyatning oldini olish va huquqbuzarlar bilan muomala qilishga oid birinchi Kongressida qabul qilingan Mahbuslar bilan muomala qilish bo‘yicha minimal standart qoidalar mahbuslarni qamoqda saqlash yuzasidan universal e’tirof etilgan minimal standartlar hisoblanadi hamda butun dunyoda penitensiar muassasalar bilan ishlashga doir qonunlar, siyosat va amaliyotni ishlab chiqish nuqtai nazaridan katta ahamiyatga va ta’sirga ega.

Minimal standart qoidalarning qayta ko‘rib chiqilgan matni 2015 yil 17 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 70-sessiyasida A/RES/70/175-sonli rezolyutsiya tarzida bir ovozdan qabul qilindi. Qayta ko‘rib chiqilgan mazkur Qoidalar Janubiy Afrikaning marhum Prezidenti va umrining katta qismini qamoqda o‘tkazgan Nelson Mandela xotirasiga hurmat belgisi sifatida «Nelson Mandela qoidalari» nomi bilan mashhur. Jazoni ijro etish tizimi bosqichma-bosqich ushbu qoidalarga muvofiqlashtirilib borilmoqda.

Xususan, ijtimoiy xavfli hamda uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etib, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga ilk marotaba saylash huquqi berildi. Umumiy, qattiq, maxsus, turma tartibli va tarbiya muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan telefon so‘zlashuvlari, uchrashuvlari va jo‘natma qabul qilishlari soni qariyb ikki barobar ko‘paydi.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning roziligi bilan ularga psixologik yordam ko‘rsatilishi vaрuҳий holati buzilgan vaqtda sodir etilgan tartibbuzarligi uchun intizomiy jazo choralari qo‘llanilmasligi kafolatlandi. Manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotganlarning pensiya olish huquqlari qonun bilan belgilandi.

Jinoyat-ijroiya kodeksiga jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibini belgilovchi yangi norma kiritildi. Shuningdek, mahkumlarning jazo muddatini o‘tash davomida shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar kengaytirildi.

Mahkumlarning iltimosiga ko‘ra, uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga yo masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga, qisqa muddatli uchrashuv esa masofali video-uchrashuvga yoxud telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishi yo‘lga qo‘yildi hamda jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning olis masofadan keluvchi yaqin qarindoshlari ovoragarchiligiga barham berish maqsadida masofali uchrashuv xonalari tayyorlandi. Kam ta’minlangan oila vakili bo‘lgan jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar yuqori haq to‘lanadigan ishlarga jalb etilishi ta’minlanmoqda.

Islohotlar jarayonida mahkumlarga munosib sharoitlarni yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, xalq tomonidan «toshturma» deb atalib kelingan va salbiy ta’riflangan UYA-64/1 tergov hibsxonasi yopildi. O‘rniga xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yangi 1-son tergov hibsxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Shu singari«Jasliq» koloniyasi tugatildi va unda saqlangan mahkumlar respublikaning boshqa koloniyalariga o‘tkazildi.

Yurtimizda keyingi yillarda ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘rniga muqobil (qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan) jazo choralarini qo‘llash tendensiyasining ko‘payishi kuzatildi.Natijada jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlar soni kamayib,охирgito‘rt yilda uchta yopiq turdagi,ya’ni Navoiy viloyatidagi 36, Qashqadaryo viloyatidagi 33 va Toshkent viloyatidagi 65-sonli umumiy tartibli koloniyalar tugatildi.

Yana bir muhim voqelik shu bo‘ldiki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga jazoni ijro etish koloniyalariga hech qanday moneliksiz kirish huquqi berildi. Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning mavjud muammolarini o‘rganish va ijobiy hal qilish maqsadida Jazoni ijro etish departamenti rahbariyati tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga va prokurorga mahkumlarning ariza hamda shikoyatlari uchun mo‘ljallangan alohida pochta qutilari o‘rnatilgan. Jazoni ijro etish muassasalarida qonunlarga rioya etilishi prokuratura organlari va Ombudsman tomonidan muntazam ravishda o‘rganib borilmoqda.

SO‘NGGI YILLARDA JINOYAT-IJROIYA KODEKSIGA KIRITILGAN O‘ZGARTIRISHLAR

Barchaga ma’lumki sohaga oid munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi, qator qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.

So‘nggi yillarda Jinoyat-ijroiya kodeksiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:

1. O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 30 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining 11, 67, 76, 79, 102, 125, 130, 132-moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Kodeks «Rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi» nomli yangi 1021-modda bilan to‘ldirildi. Mazkur qonun bilan mahkumlarning quyidagi huquq va erkinliklari ta’minlanishining huquqiy asoslari mustahkamlandi:

birinchi, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlariga doir cheklovlar bekor qilindi;

ikkinchi, mahkum homilador, bolasi bor ayollar uchun qo‘shimcha huquqlar berildi, ya’ni ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida to‘rt marta muddati besh sutkagacha bo‘lgan uzoq muddatli uchrashuv, shuningdek, manzilli koloniyalarda saqlanayotganlarga esa muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda belgilandi;

uchinchi, mahkumlarning jazo o‘tashi davrida adolatli mezonlar asosida rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi hamda rag‘batlantirish choralarini qo‘llash komissiyasining ish faoliyati va ularning aniq vazifalari belgilab berildi. Amaldagi Kodeksda rag‘batlantirish choralarini qachon va qay tartibda amalga oshirish ko‘rsatilmagan edi. Endilikda mahkumlarga rag‘batlantirish choralarini qo‘llash masalasini yiliga ikki marta, shuningdek, bayram kunlari munosabati bilan ko‘rib chiqilishi nazarda tutildi.

Yangi kiritilgan 1021-moddaga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan Kodeks 971-moddasiningbirinchi qismiдаnazarda tutilgan mezonlar asosida rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi.

Komissiya jazoni ijro etish muassasasining xodimlari, shuningdek, jamoatchilik vakillari orasidan kamida sakkiz nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi. Uning tarkibiga jamoatchilik vakillari, qoida tariqasida, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning mintaqaviy vakillari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, jamoat tashkilotlarining katta hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan vakillari kiradi.

Ta’kidlash joizki, mahkumlarni rag‘batlantirishning bu kabi choralari Ispaniya, Turkiya va Yaponiya singari mamlakatlarning penitensiar kodekslarida ko‘rsatib o‘tilgan;

to‘rtinchi, ozodlikdan mahrum qilingan shaxsning xavfsizligiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda, u o‘z shaxsiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida ariza, xabar bilan jazoni ijro etish muassasasining har qanday xodimiga og‘zaki yoki yozma murojaat qilishi mumkin. Bunda darhol mahkumning arizasi olinishi va zudlik bilan uning xavfsizligi ta’minlash choralari ko‘rilishi shartligi belgilandi;

beshinchi, mahkumlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularni tintuv qilish vaqtida jismoniy kuch va maxsus vositalar asossiz qo‘llanilishining oldi olinishi belgilandi;

oltinchi, mahkumlarning iltimosiga ko‘ra uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga, telefon orqali so‘zlashuvga, masofaviy vide-ouchrashuvga almashtirilishi, qisqa muddatli uchrashuv esa masofaviy vide-ouchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishi mumkinligi ko‘zda tutildi;

2. O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining qator moddalaridagi «qonun hujjatlari»degan so‘zlar»qonunchiligi» degan so‘z bilan almashtirildi;

3. O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 18 noyabrdagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining 18-moddasi O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabablari va shart-sharoitlarini o‘rganish hamda tahlil qilish maqsadida jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga, zarur hujjatlar bilan tanishishga haqli ekanligi mazmunidagi uchinchi qism bilan to‘ldirildi;

4. Jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarga nisbatan insonparvarlikni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 7 dekabrdagi «Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni bilan Jinoyat-ijroiya kodeksi 127-moddasining birinchi qismidagi o‘n uch yoshdan qo‘llaniladigan tarbiya koloniyasida hibsxonaga kiritib qo‘yish tariqasidagi intizomiy jazo o‘n to‘rt yoshga o‘zgartirildi. Bu mamlakatimiz jinoyat va sud ishlarini yuritish jarayonida voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi;

5. O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 17 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining qator moddalaridagi «nogironlari» so‘zi «nogironligi bo‘lgan shaxslar» so‘zlari bilan almashtirildi.

Bundan tashqari, sohaga oid quyidagi qonunosti hujjatlari qabul qilindi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 16 martdagi «Jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va maxsus qabulxonalarida saqlanayotgan shaxslarni ta’minlash me’yorlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 143-sonli qarori;

2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining«Ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi buyrug‘i(31.10.2022 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan);

3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Moliya vazirliklarining «Jazoni ijro etish muassasalarida uzoq muddatli uchrashuvlarga xonalar taqdim etganlik uchun tariflarga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi qo‘shma qarori (25.05.2020 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan);

4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta’minoti bo‘yicha qoidalarga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi buyrug‘i (18.08.2021 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan).

INSTITUSIONAL O‘ZGARISHLAR

Tizimda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi «Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6196-sonliFarmoni hamda 2021 yil 2 apreldagi «Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-5050-sonli qarori qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti deya qayta tashkil qilinib, unda departament faoliyatining huquqiy asoslari hamda jazoni ijro etish tizimini raqamlashtirish orqali sohada inson omilini istisno qilish va jazoni o‘tash tartibotini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar aniq belgilab berildi.

JORIY YILGI O‘ZGARISHLAR

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish doirasida 2023 yil 15 fevralda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» qonun qabul qilindi.

Mazkur qonun bilan amaldagi qonunlarga quyidagi bir qator qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi:

birinchidan, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonun 37-moddasining birinchi qismi ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, mahkumning ish stajiga qo‘shib hisoblanishini nazarda tutuvchi yangi norma(«k» band) bilan to‘ldirildi.

Shundan kelib chiqqan holda ushbu normani amalga oshirishning aniq mexanizmini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi 96-moddaсиning nomi «Ijtimoiy soliqni to‘lash va mahkumlarning pensiya ta’minoti» tarzida o‘zgartirildi va uning birinchi qismi «Jazoni ijro etish muassasalarining ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar mehnatiga haq to‘lashga doir xarajatlari ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq solish ob’ektidir» deb belgilandi.

Shuningdek, ushbu modda ijtimoiy soliq to‘langan davr ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblanishi, muassasa ma’muriyati mahkumning jazoni o‘tashi davrida soliq to‘langanligi haqidagi ma’lumotnomani:

mahkum jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinishidan kamida uch ish kuni oldin O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga elektron tarzda yuborishi;

jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinayotganida mahkumga qog‘oz shaklida berilishi haqidagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan to‘ldirildi;

ikkinchidan, mahkumlarning tarjimon bilan bir qatorda surdo tarjimon xizmatidan foydalanish huquqi(Jinoyat-ijroiya kodeksi 9-moddasi) hamda mahbuslarga nisbatan tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llash mumkin emasлиgi (Jinoyat-ijroiya kodeksi 70-moddasi chiqarib tashlandi) qat’iy belgilab qo‘yildi;

uchinchidan, qonun (Jinoyat-ijroiya kodeksining 8-moddasi) bilan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazo turlarining qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy mustahkamlandi.

Shu o‘rinda e’tirof etish kerak, insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va sha’nini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptashdir. Shuning uchun BMT va uning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarga ko‘ra, qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday tarzda yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasi talabiga ko‘ra ham hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa turdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas;

to‘rtinchidan, ozodlikdan mahrum etilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerakligi nazarda (Jinoyat-ijroiya kodeksining 84-moddasi)tutildi;

beshinchidan, «Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar ishdan bo‘sh soatlarda, tungi dam olish uchun ajratilgan vaqtdan tashqari, kinofilmlar va teleko‘rsatuvlar ko‘rish, radio eshittirishlar eshitish huquqiga ega»ekanligini belgilash orqali oldingi (haftada kamida bir marta kinofilm namoyish etilishi hamda kameralarda jazo o‘tayotgan mahkumlarga kinofilm va teleko‘rsatuvlar ko‘rishga ruxsat etilmasligi) cheklovlar olib tashlandi (Jinoyat-ijroiya kodeksining 81-moddasi);

oltinchidan, Jinoyat-ijroiya kodeksi «Mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini aniqlash mezonlari» nomli yangi 971-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligi Kodeksning 1021-moddasida nazarda tutilgan komissiya tomonidan har chorak yakunlariga ko‘ra quyidagi mezonlardan biri asosida belgilanadi:

mahkumning mehnatga vijdonan munosabatda bo‘lishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil ishlash ko‘nikmalarining shakllanganligi, o‘qishga va kasb-hunar o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi;

mahkumning jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlardagi ishtiroki, uning tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat bo‘lishga intilishi;

mahkumning jazoni ijro etish muassasasida o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, mahkumga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilganligi, unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilmaganligi.

Mahkumni tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmagan deb topish to‘g‘risidagi xulosa komissiya tomonidan rasmiylashtiriladi va mahkumning shaxsiy yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi.

Komissiya tomonidan tuzalish yo‘liga o‘tmagan deb topilgan mahkumlar bilan tarbiyaviy-profilaktika ishlari muassasa psixologini jalb etgan holda alohida reja asosida amalga oshiriladi.

Tuzalish yo‘liga o‘tmagan deb topilgan mahkum komissiyaning xulosasi ustidan Kodeksning 107-moddasida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.

Mazkur qonun mahkumlarni muassasada ishlagan ish stajini umumiy ish stajiga qo‘shish orqali ularga kelgusida pensiya olish imkoniyatini yaratishga va, eng asosiysi, mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini belgilovchi qat’iy mezonlarni belgilash orqali ularning xulq-atvorini baholashda korrupsion omillar bartaraf etilishida muhim ahamiyatga ega.

Xulosa o‘rnida aytganda, bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar озодлиkдан mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga jazoni o‘tash sharoitlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni o‘tayotgan hamda tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga nisbatan qo‘llaniladigan rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish,mahkum va mahbuslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga og‘ishmay rioya etilishini ta’minlash yo‘lida xizmat qiladi.

Foziljon Otaxonov,

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari

va parlament tadqiqotlari instituti direktori,

yuridik fanlar doktori, professor