Ishonchsizlik votumi – parlament boshqaruv tizimi amalda bo‘lgan davlatlar  amaliyotida qoida tariqasida hukumat yoki ayrim vazirning siyosiy yo‘li, muayyan tadbiri yoki qonun loyihasining quyi palata tomonidan noma’qul topilishidir.

Mazkur institutning qo‘llanilish tartibi xorijiy davlatlarda  qanday va bu O‘zbekiston qonunchiligida qanday aks etgan? Hokimlarga nisbatan ishonchsizlik votumini qo‘llash mumkinmi? 

Ushbu savollarga Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sardorbek AZIZOV javob berdi: 

– Xorijiy davlatlarda ishonchsizlik votumi keng qo‘llaniladi. Amaliyotda ko‘proq hukumatga nisbatan ishonchsizlik votumi qo‘llanilishi kuzatiladi. Bu hukumat barcha masalalarda asosiy ijro hokimiyati ekani bilan bog‘liq.

O‘zbekiston qonunchiligida ham ishonchsizlik votumi instituti kiritilgan. Parlament Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi qabul qilishi mumkin. Bunda Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda bu amalga oshishi mumkin.

Faqat mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari, ya’ni hokimlarga nisbatan u yoki bu vakillik organi yoki tashkilot tomonidan ishonchsizlik votumini bildirish bo‘yicha normalar hali mavjud emas.

Vaholanki, bunday tajriba xorijiy davlatlarda allaqachon qo‘llanilmoqda. Masalan, AQSHning Oregon shtatidan tashqari barcha shtatlarda shtatning qonun chiqaruvchi organi gubernatorni impichment qilish huquqiga ega. Agar shtat qonun chiqaruvchi organining quyi palatasi impichmentni qo‘llab-quvvatlasa, u holda yuqori palata impichment sudi vazifasini bajaradi va gubernatorni aybdor, deb topish to‘g‘risida ovoz beradi.

Bu hatto qo‘shni Qozog‘iston Respublikasida ham bor. “Qozog‘iston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati va o‘zini o‘zi boshqarish to‘g‘risida”gi qonunining 24-moddasiga asosan Maslahat organi (vakillik organi nomi) deputatlari umumiy sonining kamida beshdan bir qismining tashabbusi bilan hokimga ishonchsizlik votumi bildirish masalasini qo‘yishi mumkin. Bunday holda, maslahat organi o‘z deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan hokimga ishonchsizlik bildirish va uni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida masalani tegishli ravishda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti yoki yuqori turuvchi hokimga qo‘yish huquqiga ega.

Qirg‘iziston, Gruziya davlatlari qonunchiligida ham bunday amaliyot mavjud.

O‘zbekistonda ham bunday amaliyotga ehtiyoj bor, albatta. Chunki mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyati ustidan mahalliy vakillik organlari tomonidan yetarlicha nazorat o‘rnatilmaganligi, hokim qarorlarni qabul qilish jarayonlarining murakkabligi, ochiqligi ta’minlanmaganligi hamda ushbu sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmaganligi joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida va samarali hal qilishga to‘sqinlik qilmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2019-2021 yillarda jami 28 ming 253 hujjati, shundan prokuratura, adliya va boshqa organlar ta’sir choralariga asosan 14 ming 492 qaror va farmoyish bekor qilingan. 8 ming 725 tasi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilgan, 5 mingdan ziyodi sud organlari tomonidan haqiqiy emas, deb topilgan.

“E-qaror” elektron tizimi ishga tushirilganidan boshlab adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoringlarda 8 ming 881 qonunbuzilish holatlari mavjud qarorlar aniqlandi. Ularning 6 ming 939 tasini bekor qilish yuzasidan  ta’sir choralari ko‘rildi. Natijada hokimliklarning 6 ming 630 qarori bekor qilingan hamda 231 nafar mas’ul xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Mahalliy vakillik organlarining tom ma’noda xalq vakillari sifatida ijro organlari faoliyatiga huquqiy baho berishining huquqiy asoslarini yaratish vaqti keldi.

Hokimlarga va kengashga hisobot beruvchi shaxslarga ishonchsizlik votumini bildirish yuzasidan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiq.

Bu xalq vakillari bo‘lgan deputatlar va mahalliy kengashlarning huquqiy maqomi hamda vakolatlari oshishiga xizmat qiladi. Ijro va vakillik organlarining bir-birini tiyib turish va hokimiyatlar bo‘linishining huquqiy asoslari ta’minlanadi hamda vakillik organlari faoliyatini kuchaytiradi.

O‘zA muxbiri Norgul ABDURAIMOVA yozib oldi.