O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi davlatlararo siyosiy, savdo iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik, “xalq diplomatiyasi” yo‘lidagi aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar davlatlararo aloqalarning izchilligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarning mustahkamlanib borayotgani natijasida oxirgi besh yil ichida tovar ayirboshlash ikki baravar oshdi va 2022 yilda 2,3 milliard dollarga yetdi.

Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi yangi Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang uchrashuvida qayd etildi.

Muloqot chog‘ida parlamentlararo aloqalarning amaldagi holati va kelgusidagi rivojiga alohida e’tibor qaratildi. Senatning Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha  komissiyasi va Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi «Koreya-O‘zbekiston» parlamentlararo do‘stlik assotsiatsiyasi samarali  faoliyat yuritib kelmoqda.

Senat Raisi elchini yuksak va mas’uliyatli vazifaga tayinlangani munosabati bilan samimiy qutlab,  Koreya Respublikasi O‘zbekiston uchun ishonchli va vaqt sinovidan o‘tgan doimiy hamkor ekanligini alohida ta’kidladi. Ikki tomonlama alohida strategik sheriklik munosabatlarining yuqori darajasini mustahkamlashda parlamentlar muhim o‘rin tutmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish borasida hamkorlikdagi samarali ishlarni oliy darajada davom ettirish muhimligi qayd  etildi.

Kim Xi Sang samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat o‘rtasida uzoq yillar davomida deyarli barcha sohalarda shakllangan do‘stlik munosabatlarining Koreya Respublikasi uchun nihoyatda ahamiyatli va qadrli ekanligi hamda bunday strategik sheriklikni yanada kengaytirishda parlament diplomatiyasi tayanch rolga egaligi alohida ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida sanoat sohasida, xususan, to‘qimachilik sanoatida o‘zaro hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish, shuningdek, mamlakatlarning xalqaro darajadagi tashabbuslarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA