O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra:
bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish konsepsiyasi;
bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari to‘g‘risida nizom;
bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari bazasida tashkil etiladigan dam olish maskanlari to‘g‘risida namunaviy nizom”;
bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish masalalari bo‘yicha respublika va hududiy komissiyalar to‘g‘risida nizom; bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish konsepsiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda kasaba uyushmalari a’zolarining farzandlari dam olishi va ularni sog‘lomlashtirish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida har bir yo‘llanma uchun bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga kompensatsiya to‘lash tartibini ishlab chiqadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar faoliyatini samarali tashkil etib, komissiya a’zolarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va mavsumda bolalarni qabul qilishga tayyorligi yuzasidan zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan chora- tadbirlarni amalga oshiradi.
Tizimida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari bo‘lgan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, shuningdek, bolalarning mazmunli dam olishlarini ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘radi.
O‘zA