Huquqiy munosabat
«Garov to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga asosan garov narsasini almashtirishga, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, garovga oluvchining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
– Agar garov narsasi nobud bo‘lgan yoki shikastlangan yoxud unga bo‘lgan mulk huquqi yo xo‘jalik yuritish huquqi qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra bekor qilingan bo‘lsa, garovga qo‘yuvchi kelishilgan muddatda, nizo chiqqan taqdirda esa sud belgilagan muddatda garov narsasini tiklashga yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, uni teng qiymatli boshqa mol-mulk bilan almashtirishga haqli, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev. – Shuningdek, «Garov to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasi 4-qismiga binoan agar garov narsasi shikastlanish natijasida belgilangan maqsad bo‘yicha foydalanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgargan bo‘lsa, garovga qo‘yuvchi undan voz kechishga hamda uning nobud bo‘lganligi uchun tovon to‘lanishini talab qilishga haqli. U bilan garovga oluvchi o‘rtasida nobud bo‘lgan yoki shikastlangan mol-mulkni tiklash yoki almashtirish to‘g‘risida yozma ravishda bitim tuzilgan hamda garovga oluvchi bu bitimning shartlarini lozim darajada bajarayotgan hollar bundan mustasno.
Shu bilan birga qonunning 21-moddasiga asosan agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, garovga qo‘yuvchi garovga oluvchining roziligi bilan garov narsasini almashtirish, 13-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan hollarda garov narsasini oqilona muddatda tiklash va uni boshqa teng qimmatli mol-mulkka almashtirishga haqli.
Demak, yuqoridagi holatlarga muvofiq garovdagi mulkni almashtirish mumkin.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA