2023 yilning 23–24 fevral kunlari Avstriyaning Vena shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining navbatdagi qishki sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ham ishtirok etdi. Sesciya doirasida Parlament assambleyasining vitse-prezidenti, Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha maxsus vakili, YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili hamda Vena diplomatiya akademiyasi direktori bilan bir qator davra suhbati va uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbirlarda ishtirokchilarga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlab tayyorlangan kitob, risola va infografik to‘plamlar tarqatildi.
Shu bilan birga, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovlar tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berib o‘tildi.
Xususan, amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi, nufuzli xalqaro tashkilotlarning tavsiya va takliflari inobatga olinib kelinayotgani ta’kidlandi. Bunda, O‘zbekistonda qabul qilinayotgan hujjatlar BMTning tavsiyalari va Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda YeXHTning tamoyillariga mos bo‘lishiga alohida ahamiyat qaratilayotganiga urg‘u berildi.
Taqdimot va tadbirlar davomida ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlarga katta qiziqish bildirilib, fikr va mulohazalar tinglandi.
O‘zA