Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) tomonidan “O‘zbekiston-2023: Iqtisodiyot va investitsiyaviy faolliyat istiqboli” mavzusida onlayn vebinar tashkil etildi. Davlat va xalqaro moliya institutlari, Yevropaning tegishli savdo palatalari va tadbirkorlar uyushmalari bilan hamkorlikda uyushtirilgan tadbirda ishtirok etish uchun ko‘hna qit’aning 280 dan ortiq kompaniyasi vakillari ro‘yxatdan o‘tdi.
Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assosiatsiyasi Yevropada rasman tan olingan notijorat birlashmasi bo‘lib, to‘liq a’zolik to‘lovi hisobidan moliyalashtiriladi. Bosh qarorgohi Bryusselda joylashgan tuzilma Toshkentda ham vakolatxona ochgan. Mamlakatimizda Yevropa savdo palatasi sifatida faoliyat ko‘rsatadigan EUROUZ xalqaro biznes assotsiatsiyasi a’zolarga bozorni o‘rganish, mustahkam ishbilarmonlik aloqasi o‘rnatish hamda davlat va biznes o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga har tomonlama yordam beradi.
Onlayn vebinarda mamlakatimiz vakillari ishtirokchilarni O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, milliy soliq tizimi shaffofligini ta’minlashga qaratilgan so‘nggi ma’muriy islohotlar bilan tanishtirdi. YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi qator muhim kelishuvlarga asoslangan yuqori darajadagi munosabat, hamkorlik rivojining ijobiy sur’ati alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga erishilgan iqtisodiy yutuqlar e’tirof etilib, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
YeTTB va OTB mintaqaviy iqtisodchilari hisoboti tinglanib, O‘zbekistonni 2023 yilda rivojlantirishga oid masalalar, mavjud imkoniyatlar, shuningdek, o‘tgan 5 yilda amalga oshirilgan islohotlar tufayli mamlakatimizda ochilayotgan istiqbol ko‘rib chiqildi. Mashinasozlik, elektronika, qishloq xo‘jaligi kabi tarmoqlarni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratilgani tashqi savdo aylanmasi miqdori oshishiga zamin yaratayotgani ma’qullandi.
Investitsiyani rag‘batlantirish agentligining bo‘lajak mahalliy va xalqaro investorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida YeI komissiyasi bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi bildirildi.
O‘zA