Misrda o‘tgan “Para open” turnirida o‘zbekistonlik matonatli va irodali para sportchi Sunnatillo Murodullayev Chili, Kamerun, Fransiya, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Hindiston, Kot-d’Ivuar, Iordaniya, Yaponiya, Qozog‘iston, Mavrikiy, Pokiston, Ruminiya, Saudiya Arabistoni, Ispaniya, Shri-Lanka vakillari orasida kumush medalga sazovor bo‘ldi.

2024 yil Parijda o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlari oldidan muhim turnir bo‘lgan ushbu musobaqada hamyurtimiz va ruminiyalik kichik raketka ustasi Kameliya Siripan XD14 toifasidagi aralash juftlik bahslarining saralash bashlarini muvaffaqiyatli o‘tkazib, finalga yo‘l oldi.

Finalda esa misrlik stol tennischilariga qarshi bahs olib bordi. Shiddatli va o‘ziga xos o‘tgan uchrashuvda Sunatillo Murodullayev/Kameliya Siripan raqiblariga so‘nggi pallada 3:2 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medallarga sazovor bo‘ldi.

Aytish lozimki, Misrning Giza shahridagi turnirda 91 nafar erkak va 41 nafar ayol tennischilar ishtirok etdi. Mamlakatimiz vakilining xalqaro turnirda muvaffaqiyatga erishishi “Parij-2024” Paralimpiadasi yo‘lidagi tayyorgarligi samarali kechayotganidan dalolat.

T.Ro‘ziyev,
O‘zA