Turkiyada kecha sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, 69 kishi jarohatlandi. 5,6 mangitudali zilzila epimarkazi uch hafta oldin kuchli silkinishlardan jabr ko‘rgan Malatya viloyatiga to‘g‘ri keldi, deb xabar berdi “Anadolu” agentligi.

Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an kecha Adiyamanda bo‘lib, jabrlangan hududlarga yordam bir necha kundan keyin ko‘rsatilgani uchun uzr so‘radi.

“Zilzilaning vayron qiluvchi tabiati, murakkab ob-havo sharoiti va mavjud infratuzilmaning sezilarli darajada buzilishi tufayli bir bir necha kun Adiyamanda to‘g‘ri harakat qila olmadik. Buning uchun uzr so‘rayman”, dedi yetakchi.

Davlat rahbari 6 fevralda boshlangan ikki vayronkor zilziladan so‘ng shu kungacha mamlakatda o‘n mingdan ortiq yer silkinishi qayd etilganini ma’lum qildi.

Turkiyada zilzila oqibatida jami 44 ming 374 kishi vafot etdi, 115 ming aholiga yordam ko‘rsatildi, dedi Erdog‘an.

Tabiiy ofat zonasida 185 ming 345ta bino vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangani ma’lum qilindi.

Jahon banki zilzilalar natijasida yetkazilgan zarar 34 milliard dollarga baholanayotganini ta’kidladi.

 

O‘zA