Mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj qismi bo‘lmish nogironlarga hayotda teng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish dolzarb masalalardan biriga aylandi.

Shu maqsadda 1991 yil 18 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi nogironlarga ularning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishda boshqa barcha fuqarolar bilan teng imkoniyatlarga ega bo‘lish, ularning turmush faoliyatidagi cheklashlarni bartaraf etish, ularni to‘laqonli hayot kechirishlariga, jamiyatning iqtisodiy va siyosiy turmushida faol qatnashishlariga, o‘zlarining fuqarolik burchlarini bajarishlariga imkon berdi.

Xususan, asosiy yo‘nalishlar etib nogironlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlarning sha’ni va qadrini himoya qilish, nogironlarning huquqlari va ular uchun imkoniyatlar tengligini ta’minlash, nogiron bolalarning maktabgacha va maktabdan tashqari ta’limini, kasb tayyorgarligini, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb hunar va oliy ta’lim olishini ta’minlash belgilandi.

Shu asosda bugungi kunda ham nogironlar huquqlarining mustahkamlab borish davom etmoqda. Joriy yil 27 fevral kuni qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori “Inson qadri uchun” g‘oyasiga hamohang amallardan bo‘ldi.

Shu o‘rinda hazrat Alisher Navoiyning

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay, deya aytilgan so‘zlarini eslashning o‘zi maqsad ezgulik bo‘lsa, ortidan ulug‘ ajr ham namoyon bo‘lishiga ishora bergandek.

Bir qarashda sizu biz shunday orzular uchun harakat qilamizki, uning chegarasini o‘ylamaymiz, hatto ehtiyojimizdan ortiq havaslar uchun o‘zimizni, vaqtimizni, hatto mablag‘larimizni ayamaydigan darajaga kelib qolamiz. Biz o‘sha hoyu havaslarga asir bo‘lgan vaqtda birgina erkin harakati uchun maxsus moslamani orzu qilib ko‘zlari mo‘ltillab turgan imkoniyati cheklangan go‘dak yoki yoshi ulug‘ insonni ko‘z oldingizga keltiring. Shunda nima hoyu havasu, qaysi ehtiyoj hayotda muhimligini anglaysiz.

Ta’kidlash lozimki, qarorga ko‘ra nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish muassasalari uskunalarini modernizatsiya qilish;

va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar hamda ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolarga davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyozlar berish;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash va ularga yuridik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish;

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash darajasini 60 foizga yetkazish belgilangandi.

Mazkur ko‘rsatkichga erishish doirasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2023 yilda muhtoj shaxslarni xorijiy texnologiyalar asosida tayyorlangan sifatli zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari, shu jumladan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni son proteziboldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul ta’minlanadi.

Darhaqiqat, ba’zan yetti muchamiz ishga yaraydigan bo‘lsa-da, xat-hujjat masalalarida biroz navbat kutib qolsak, dunyoning tashvishi bizni kutib turgandek, shoshilayotganimizni ro‘kach qilib, sabrimizga kuchimiz yetmay qoladi. Mana shu holatga jismining bir joyida nosog‘lomlik bo‘lgan insonning tushganini ko‘rsakgina, go‘yo sabr uchun hikmat izlab, o‘zimizga taskin beramiz.

Qarorda belgilab qo‘yilgan quyidagi imtiyozlar esa sabrli qalb egalariga ayni muddao bo‘ldi:

a) 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilinadi.

Bunda:

fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish va nogironlikni belgilash bilan bir vaqtda tegishli protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun tibbiy xulosa tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritiladi;

protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun talab etiladigan tibbiy xulosaning mavjudligi o‘zaro axborot almashinuvi orqali aniqlanadi;

“Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritilgan tibbiy xulosa asosida mazkur axborot tizimiga integratsiya qilingan “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasida nogironligi belgilangan shaxsning murojaati (shu jumladan, elektron tartibda) asosida protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun elektron sertifikat shakllantiriladi;

b) nogironligi bo‘lgan shaxslarni “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi orqali, shu jumladan, zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda joriy etiladigan shaffof elektron navbat doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ustuvorlik beriladi.

Bunda, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash uchun so‘rovnomalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatidan bitta so‘rovnoma va umumiy ro‘yxatdan bitta so‘rovnoma tartibida navbatma-navbat shakllantiriladi.

Qarorda keltirilgan shu kabi boshqa jihatlar ham mamlakatimizda nogironlar huquq va manfaatlarini himoya qilish va ularning hayot farovonligini ta’minlashga qaratilgani bilan avvalgi e’tiborlarga qo‘shimcha bo‘ldi, deyishimiz mumkin. Zotan, bu muqaddas Vatanda azizdir inson!


Abdulaziz Rustamov, O‘zA