“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Toshkent davlat yuridik universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashga mas’ul bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalari tomonidan “Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar — olimlar nigohida” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyada Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar konstitutsiyaviy huquq sohasining olimlari, yosh tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar ishtirokida muhokama qilindi hamda ularning takliflari o‘rganildi.

Tadbirning kirish qismida parlament quyi palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Sh.Bafoyev konstitutsiyaviy islohotlar bugungi davr talabi ekanligini, Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, eng avvalo, inson omiliga qaratilganligini ta’kidladi.

Konferensiyada Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov ma’ruza qilib, sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlarga alohida to‘xtaldi:  

— Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz loyihasi ustida ish olib borishda umumxalq muhokamasi, jamoatchilik, parlament a’zolari, xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirokidagi muhokamalarda berilgan takliflarga alohida e’tibor qaratildi. Har bir taklif uning xalqchilligi, aholi uchun ortiqcha byurokratiya keltirib chiqarmasligi, “Inson qadri uchun” degan tamoyilga mos kelishi, Konstitutsiyaning boshqa normalariga, olib borilayotgan siyosatimizga, belgilab olgan strategiyamizga hamda xalqaro huquq normalariga zid kelmasligi, o‘zbek davlatchiligining tarixiy taraqqiyotiga, buyuk ajdodlarimizning madaniy merosiga va milliy qadriyatlarimizga putur yetkazmasligi kabi mezonlar asosida chuqur tahlil etildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan dastlab 6 ta modda taklif etilgan bo‘lsa, hozirda 30 ta modda taqdim qilinmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida sud-huquq sohasiga oid bir qator o‘zgarish va yangiliklar o‘z aksini topmoqda. Jumladan, advokaturaga bag‘ishlangan yangi bob kiritilmoqda. Bu orqali ayblov va himoyaning tom ma’noda tengligini ta’minlashning mustahkam konstitutsiyaviy asoslari yaratilmoqda. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatishi nazarda tutilmoqda. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi. Advokatura faoliyatini tashkil etish va uning tartibi qonun bilan belgilanadi. Advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan to‘sqinliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi. Advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi, — dedi J.Shirinov.


Muhtarama Komilova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA