Qaror va ijro

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi mas’ullari 2023 yilda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari va ishga tushiriladigan sanoat korxonalari haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda sanoat korxonalari tomonidan 35,3 trillion so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 1 milliard dollarlik eksport amalga oshirilishi va Mahalliylashtirish dasturiga asosan 1,7 trililon so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi mo‘ljallangan.

– Prezidentimizning 2022 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va hududlarni ijtimoy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga asosan 2023 yilda 2 milliard dollarlik 465 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi, – dedi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqarma boshlig‘i Bahrom Allaberganov. – Mazkur loyihalarni moliyalashtirishga 1,2 milliard dollar xorijiy investitsiya va kreditlar jalb etiladi hamda 15 ming yangi ish o‘rni yaratiladi. Yirik investitsiya loyihalari asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Farg‘ona, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Namangan, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshiriladi. Misol uchun, Navoiy viloyatida “Qizilqumsement” AJda 126 million dollar investitsiya hisobiga yiliga klinker ishlab chiqarish quvvati 1,8 million tonnaga kengaytirish loyihasi ishga tushiriladi va 40 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida 65 million dollar investitsiya hisobiga “Qoraqalpoqsement” MCHJ QKda yuqori markali sement ishlab chiqarishni 1,1 million tonnaga kengaytirish ishlari amalga oshiriladi. Natijada 150 ta yangi ish o‘rni vujudga keladi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu loyihalarning amalga oshirilishi tufayli yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi sement, quvur va geosetkalar, keramogranit, burama mixlar, marmar, travertin va granit plitalari, temir-beton, keramik plitkalar, gipsokarton listlari, gazobeton va penobeton bloklari kabi qurilish materiallarini ishlab chiqarish yangi quvvatlari o‘zlashtirilishiga zamin yaratiladi.

– Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga ko‘ra, bino va inshootlarni qurishda energiya tejamkor qurilish materiallaridan keng foydalanishga ahamiyat qaratilmoqda, – dedi uyushma matbuot xizmati rahbari Jamshid Shermetov. – Xususan, “Basalt Wool” MCHJda yillik quvvati 35 ming tonna, “O‘zmetkombinat” AJda yillik quvvati 12 ming tonna va “Akfa Insulation” MCHJda yillik quvvati 30 ming tonna quvvatlardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘ygan holda yangi loyihalar tatbiq etiladi. Shuningdek, Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish kengashi hamkorligida 2023-2025 yillarda umumiy qiymati 113,5 million dollar va yillik quvvati 130 ming tonna bo‘lgan bazalt asosida issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar ishga tushiriladi.

Tadbirda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan Investitsiya dasturiga asosan joriy yilda qoʻshimcha ravishda istiqbolli investitsiya loyihalari ham shakllantirilganligi haqida soʻz bordi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri