Prezidentimizning joriy yil 16 fevralda «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga binoan endilikda Toshkent shahrida ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilib, ular tayyor biznes sifatida tadbirkorlik sub’ektlariga beriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’qullangan taklifiga ko‘ra, Toshkentda ko‘p qavatli avtoturargohlar maxsus davlat muassasasi tashkil qilinadi.
Qayd etilishicha, muassasaga yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratgan holda davlat byudjeti hisobidan yoki davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent shahrida ko‘p qavatli avtoturargohlarni qurish va ularni tayyor biznes sifatida tadbirkorlik sub’ektlariga avtoturargoh profilini o‘zgartirmaslik sharti bilan sotish amaliyoti joriy etiladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkent shahar hokimligi, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ko‘p qavatli avtoturargohlarni qurish bo‘yicha mazkur bandda nazarda tutilgan tartibni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Transport vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2023 yil yakuniga qadar Nukus shahri va viloyat markazlarida jamoat transporti tizimi infratuzilmasini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar rejasi, ularni amalga oshirish bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqilishini ta’minlaydi.
Bunda Toshkent shahrida maxsus davlat muassasasi tashkil etilib, unga yer uchastkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilishi ko‘zda tutilgan. So‘ngra avtoturargohlar profilini o‘zgartirmaslik sharti bilan tadbirkorlarga beriladi.
Avtoturargohlarni o‘z tannarxining 10 foiz miqdorida boshlang‘ich qiymatida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish imkoniyati taqdim etiladi.
Mazkur joylar qurilishini moliyalashtirish respublika va mahalliy byudjet daromadlarining rejadan orttirib bajarilgan qismidan teng ulushlarda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda transport vositalari oqimi to‘planuvchi kamida 4 ta manzil tanlab olinadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA