Qohirada kuni kecha O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov ma’ruza qildi. Markaz rahbari so‘nggi yillarda iqtisodiy sohada O‘zbekiston-Misr munosabatlari faol rivojlanish bosqichiga o‘tganligini ta’kidladi. 2017 yildan buyon o‘zaro savdo va sarmoyaviy hamkorlik faollashib, ushbu yo‘nalishga e’tibor berilmoqda.
Shuningdek, Misr Prezidenti janob as-Sisining 2018 yil 4 sentyabrdagi O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha qiymati 483 million dollarlik savdo va sarmoyaviy kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi besh yilda uch barobardan ziyod, 2017 yilda qariyb 10 million dollardan 2022 yilda 30,5 million dollargacha oshdi. O‘zbekistonning Misrga eksporti 16 barobarga oshgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning Misrga eksporti tarkibiga to‘qimachilik mahsulotlari, transport uskunalari va xizmatlari, shu jumladan, havo transporti xizmatlari kiradi. O‘zbekistonning 2022 yilda Misrdan amalga oshirilgan import tarkibiga oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo mahsulotlari, mashina va transport uskunalari va xizmatlar o‘rin olgan.
Investitsion sohadagi hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Xususan, O‘zbekistonda misrlik ishbilarmonlarning kapitali ishtirokida 29 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Misrning «Solifar» kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatidagi «Bo‘stonliq-farm» EIZda farmatsevtika sohasida (qiymati 20 million dollar) ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida gepatit C preparatlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha (1,4 million dollar) Misrning “One World Pharma” kompaniyasi bilan ishlar olib borilmoqda. «Kapo Agri» kompaniyasi bilan Namangan viloyatida baliqchilik sohasidagi loyiha bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro savdo va investitsion ko‘rsatkichlari hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tahlili natijasida ushbu sohada hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud ekanligi qayd etildi.
“Mamlakatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 40 foizga oshirish va 120 milliard dollardan ortiq qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish rejalashtirilmoqda, – deydi Obid Hakimov. – bugungi taqdimotda misrlik yirik investorlarga O‘zbekistondagi savdo-iqtisodiy loyihalarda ishtirok etish, qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish, qulay muhit yuzasidan ma’lumotlar berildi. Bu esa unumdorlik va eksport imkoniyatlarini oshiradi”.
Shu bilan birga, 2026 yil oxiriga kelib, xususiy banklarning ulushi banklar umumiy aktivlarining 60 foiziga yetkazilishi, 2023 yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i 15 foizdan 12 foizgacha kamayishi va bank, moliya va telekommunikatsiya sohalaridagi korxonalar uchun daromad solig‘i 15 foizga tushirilishi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh As-Sisining taklifiga binoan bugun va ertaga rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
O‘zA