Aholi salomatligi va sog‘lom millat genofondini asrash har bir davlat va jamiyatning muhim boyligi sanaladi. Shu bois, mamlakatimizda aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishga davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Xususan, 2017-2021 yillarda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi hamda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida ham aholi salomatligini asrashga qaratilgan maqsad va vazifalar belgilangan. Jumladan, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, malakali tibbiy kadrlar salohiyatini oshirish, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish borasida qator islohotlar amalga oshirildi.
Shuningdek, Prezidentimizning tibbiyot sohasi vakillari bilan yuzma-yuz o‘tkazgan muloqotlari yakunida ham tibbiyotning birlamchi tizimini isloh qilish, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish, farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish, “elektron sog‘liqni saqlash” tizimini tatbiq etishga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilab berilgan edi.
Ayni kunlarda esa, keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinayotgan 2023 yil — “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida ham aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, sohaga ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlarni markazlashtirish va aholini tibbiy sug‘urtalash amaliyotini joriy qilish, dori-darmon va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga solish hamda aholiga arzon va sifatli mahsulotlar yetkazib berish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilangan.
Xususan, 2023 yilda 18-40 yoshli 12,6 million nafar aholini profilaktik ko‘rikdan, 40 yosh va undan katta yoshdagi surunkali kasalligi bo‘lmagan 6,3 million nafar aholini yurak qon-tomir kasalligi va qandli diabet bo‘yicha skrining tekshiruvlardan, 9 million nafar maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va o‘rta maktab o‘quvchilarini tibbiy ko‘rikdan, onkologik kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash maqsadida yiliga 3 million nafar aholini skriningdan o‘tkazish maqsad qilingan.
Shuningdek, respublika buyicha 6-23 oylik bo‘lgan jami 1,2 million nafar bola mikronutriyent kukuni, 2-10 yoshdagi jami 6,3 million nafar bola esa gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar, 5,9 million nafar 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollar polivitamin, temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta’minlanadi.
Albatta, bunday tartibda aholini kasalliklar xavf guruhidan kelib chiqqan holda salomatligini nazorat qilish, ular salomatligini asrash bilan bir qatorda, minglab xonadonlar ko‘ngliga quvonch olib kiradi. Boisi, bejizga dono xalqimiz kasallikni davolagandan uning oldin olgan afzal, deyishmagan. Fuqarolardagi kasalliklarning erta aniqlanishi ularni ortiqcha sarsongarchilikdan va iqtisodiy qiyinchiliklardan ham xalos etadi.
Shu bilan birga, Davlat dasturi loyihasida so‘nggi vaqtlarda fuqarolarimiz va jamiyatimiz faollarining xaqli e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan dori-darmon vositasi noqonuniy savdosining oldini olishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan.
Jumladan, xalqaro tajriba asosida dori vositalarini retseptsiz va retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi ishlab chiqiladi. Bolalar uchun mo‘ljallangan dori vositalarini reklama qilishni taqiqlash bo‘yicha cheklovlarni joriy etish masalasi chuqur o‘rganib chiqiladi va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, farmatsevtika sohasida import mahsulotlar hajmini va tarkibini optimallashtirish maqsadida 300 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtiriladi. Buning uchun farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari faoliyati takomillashtirilib, mahalliy sharoitda biotexnologik farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Bolalar salomatligini asrashdagi yana bir yangilik. Spinal mushak atrofiyasi bilan kasallangan 112 nafar bolalar dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi. Shu bilan birga, eshitish zaifligi mavjud bo‘lgan 250 dan ortiq bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish, shuningdek, bunday operatsiyalar o‘tkazilgan 132 nafar bolalarda nutq protsessorlarini almashtirish choralari ham ko‘riladi.
Xulosa qilib aytganda, bu yilgi Davlat dasturida ham yil nomidan kelib chiqqan holda avvalo, inson manfaatlari va qadrini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilgan. Buni yuqorida ta’kidlaganimdek, birgina tibbiyot sohasida joriy yil davomida amalga oshiriladigan ishlar misolida ham ko‘rib guvohi bo‘lmoqdamiz.
Oltinoy Mamirova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA