Misr Arab Respublikasining “Al-Balad” nashri xabar berishicha, Al-Azhar Ash-Sharif vaziri muovini doktor Muhammad Ad-Duvayniy yakshanba kuni Al-Azhar Ash-Sharif shayxi qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Muhammad Ad-Duvayniy mamlakatimiz bilan ilmiy, madaniy aloqalar istiqboli xususida fikr yuritarkan, Misr tomoni o‘z tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalariga o‘zbekistonlik talabalarni o‘qishga qabul qilish, konstruktiv hamkorlikni muntazam rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Al-Azhar vakili qo‘shimcha qilishicha, oliygoh yurtimizdan 2600 talabani o‘z bag‘riga oladi. Shuningdek, u universitet tarkibidagi xalqaro akademiyada imom, voiz va fatvo tadqiqotchilari tayyorlash, keng miqyosda mo‘’tadil nutqni o‘zlashtirish, shariat ilmi va tilini yoyish bo‘yicha hamkorlik masalasiga to‘xtaldi.
O‘zbekiston vakillari o‘z navbatida yaqin kunlarda Al-Azhar olimlarining respublikamizda bo‘lib o‘tadigan ilmiy anjumanlarda ishtiroki yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi. Shuningdek, Al-Azhar xalqaro akademiyasiga mo‘’tadil tafakkurga o‘rgatish uchun yuboriladigan 20 nafar imom ro‘yxati tayyorlangani aytildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA