Yurtimizdagi mavjud bog‘dorchilik, dehqonchilik xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa va boshqa maydonlarni turli zararkunandalardan himoya qilishni O‘simliklar karantini davlat inspektorlari nazorat olib boradi.

Aytish mumkin, so‘ngi yillarda o‘simliklar karantini tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi. Sohaga ilm-fan yangiliklari, xalqaro amaliyot va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi va geografiyasini yanada kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Qayd etish kerakki, aholi xonadonlari, karantin ob’ektlarini inspektorlar tekshirmoqda. Xususan, joriy yilning 26 yanvaridan 20 fevraliga qadar O‘simliklar karantini va himoyasi Agentligi tomonidan “Dolzarb o‘n besh kunlik” tadbirlari o‘tkazildi.

Loyiha doirasida zararkunanda va kasalliklarga qarshi fitosanitar choralari amalga oshirildi. Buni Toshkent shahrida olib borilayotgan nazorati tadbirlari misolida kuzatamiz.

Ayni kunlarda poytaxtimizning 12 ta tumaniga biriktirilgan karantin inspektorlari tomonidan nazorat tadbirlari yo‘lga qo‘yilgan. Mevali daraxt bog‘lar, yashil maydonlar aholi xonadonlari karantin ko‘rigidan o‘tkazilib, dehqon va fermerlarga zararli organizmlarga qarshi kurash choralari haqida tavsiyalar berilmoqda.

Ko‘riklarda nafaqat aholi xonadonlaridagi o‘simliklar, qolaversa, shox ko‘chalar va yashil maydonlar issiqxonalar ham ko‘zdan kechirilib, zararli organizmlar mavjudligi shubhaga olingan o‘simliklardan namunalar olinib, sayyor laboratoriyalar yordamida tekshirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ayni vaqtda poytaxtimizda 30 ming gektardan ortiq maydon mavjud. Shundan 7 ming gektarini yashil maydonlar tashkil etadi. Poytaxtimizda ikki yuzdan ortiq daraxt turi va 30 xildagi butani uchratish mumkin.

Ayni vaqtda ularni mavsum davomida turli zararkunandalardan asrash, quriganlarini yo‘q qilish, yangi ekzotik o‘simlik turlarini ko‘paytirish ishlarini olib borilmoqda.

«Dolzarb 15 kunlik» doirasida hududlardagi manzarali daraxtlar, gullar va boshqa o‘simliklar belgilangan tartibda zararsizlantirilib, dalolatnomalar rasmiylashtirilmoqda.

Monitoring davomida karantin ostidagi mahsulotlarda zararkunandalar aniqlansa, belgilangan tartibda zararsizlantirish (fumigatsiya) ishlari tashkil etilmoqda.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA