Xitoyning Shandun provinsiyasi Sindao shahrida “Xitoy – SHHT namunaviy hududi marvaridi” nomli xalqaro namoyish markazi hududida mamlakatimiz savdo nuqtasi ochildi. Majmuadan SHHTga a’zo boshqa davlatlar paviloni ham joy olgan.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda mahalliy hukumat ma’muriyati, ishbilarmon doira vakillari, Tijorat vazirligi hududiy bo‘linmasi, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoydagi elchixonalari vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston ko‘rgazmasi peshtaxtasiga mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar – meva sharbati, tabiiy asal, quritilgan meva, ma’danli suv, za’faron, qandolat, to‘qimachilik va charm-sanoat mahsulotlari, kabel-o‘tkazgich, milliy hunarmandlik namunalari qo‘yilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, milliy uslubda ishlangan, 600 kvadrat metrli O‘zbekiston savdo hududi markazida qad ko‘targan Sohibqiron Amir Temur haykali, Registon majmuasidagi Mirzo Ulug‘bek madrasasi, Buxoroning “Minorai kalon”i ramzi mehmonlarda iliq taassurot qoldiryapti.

Pavilonning ichki devorida respublikamizning boy tarixi, madaniyati, bugungi taraqqiyoti, turizm salohiyati hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik jarayoni to‘g‘risidagi axborot aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, Sindao shahrida “Xitoy – SHHT” mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan pilot hududi tashkil etish tashabbusi tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining 2018 yil o‘tkazilgan 18-sammitida Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan.

“Xitoy – SHHT namunaviy zonasi marvaridi” deb nomlangan majmuaning umumiy maydoni 168 ming kvadrat metr. Markaz “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi ishtirokchilari va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar uchun to‘lovsiz ko‘rgazma namoyish etish, mahsulot savdosini amalga oshirish, yirik anjuman va uchrashuvlar o‘tkazish imkonini beradi.

Maydon O‘zbekistonning SHHT davlatlari bilan savdo-iqtisodiy va logistika tizimi hamkorligini yanada rivojlantirish nuqtai nazaridan muhim amaliy ahamiyatga ega.

Darvoqe, Sindao Osiyo-Yevropa trans qit’aviy yo‘lagining sharqiy bandargohi, Xitoyning dengizga tutash o‘n to‘rtta yirik shahridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining ushbu mamlakatdagi vakili Jamshid Sulaymonovning so‘zlariga ko‘ra, Sindao shahridagi «Shanxay hamkorlik tashkiloti namunaviy zonasi»da ochilgan O‘zbekiston paviloni yurtimiz ishlab chiqaruvchilari va eksportyorlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Rejaga ko‘ra, yiliga bir necha milliondan ziyod odam ko‘rgazmaga kiradi, mahsulotlar bilan yaqindan tanishadi, xarid qilish imkoniga ega bo‘ladi. Demak, mazkur tadbir mahsulotlarimiz yanada tanilishi, respublikamiz eksport miqdori oshishiga xizmat qiladi.

O‘zA