“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga qartilgan Davlat dasturi loyihasining oltinchi – Umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish hamda yettinchi – Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Davlat dasturi loyihasida nazarda tutilayotgan ekologik muammolarni bartaraf etish, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini ta’minlash, fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini hamda davlatning mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi, uning imkoniyatlari va qobiliyatini kuchaytirish, O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli sub’ekt sifatidagi rolini oshirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish kabi maqsadlar doirasida nazarda tutilayotgan chora-tadbirlar hamda ular yuzasidan jamoatchilikdan kelib tushayotgan takliflar atroflicha muhokama qilindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov so‘nggi yillarda muhim strateg

ik hujjatlar, avvalambor keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholi tomonidan bildirilayotgan takliflardan kelib chiqqan holda yanada xalqchil hujjatga aylanayotgani, ayniqsa fuqarolarning bunday muhokamalardagi ishtiroki faol tus olayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, 16 fevral kuniga qadar Davlat dasturi loyihasiga bevosita markazning elektron platformalari orqali 4,5 mingdan ortiq taklif kelib tushganligi, ularning 500 dan ortig‘i, aynan muhokama qilinayotgan 6 va 7-yo‘nalish bandlariga tegishli ekanligi ma’lum qilindi.

Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha kelib tushgan takliflarda asosan ekologiya, korrupsiya, sog‘liqni saqlash va aholi bandligini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, transchegaraviy suvlarni boshqarish va mehnat migratsiyasi masalalari o‘z aksini topgan. Xususan, bugungi iqlim o‘zgarishi jarayonlarida transchegaraviy suvlardan foydalanishda tomonlar manfaatini hisobga olish, yoshlarni maktab ta’limidan boshlab vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratish kabilar shular jumlasidandir.

Shuningdek, muhokama jarayonida parlament vakillari hamda davlat organlari vakillari tomonidan harbiy sohani takomillashtirishda axborot texnologiyalarini keng joriy etish, hamkor mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlar doirasida mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha doimiy muloqotlarni olib borish, ular bilan ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda hamda turli darajadagi maslahatlashuvlar uzliksizligini ta’minlash takliflari bildirildi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar umumlashtirilib, farmon loyihasining tegishli bandlarida aks ettirish uchun ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.

O‘zA