Farg‘ona deyilganda, beixtiyor ko‘z oldimizda charog‘on quyosh, bahor chechaklarining nozlaridan sarxush dashtu dalalar, bulbul nag‘malariga uyqash qir-adirlaru lola, qo‘zigullarning za’faron chehralarida marjon-marjon tovlanguvchi tong shabnamlari jilolanib; bahorparvar shoir Hamid Olimjonning «Vodiylarni yayov kezganda, bir ajib his bor edi menda….» deyilmish shukuhli baytlari esimizga tushadi. Tushadi, va… ruhoniyatimiz rayhonlar atriga ko‘milib, to‘lib-toshib borayotgandek bo‘laveradi.

Illo, Farg‘ona vodiysi mintaqaviy manzili va go‘zal tabiatiga ko‘ra azal-azaldan abadiy yashilliklaru, mangu bahor timsoliga aylanib ketgan. Bu makonning har go‘shasida Boburu Mashrab, Furqatu Muqimiy, Nodirayu Uvaysiy g‘azallarini xirgoyi qilib, baxtiyor va xurram yashayotgan cho‘ponlar bilan dehqonlarga, Usmon Nosir yoxud Muhammad Yusufdan she’rlar aytayotgan yigit-qizlarga duch kelasiz.

Bitmas-tuganmas ilhom manbai bo‘lmish bu zaminning uch hududi – Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari сўнг­­ги yillarda yana ham chiroy ochib, rivojlanib, yuksalib, yana ham dilbar bo‘lib borayotgani go‘zal tashbehlarga sazovordir. Vodiy ahlining bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilishlari tufayli, albatta, bu yerda yangi imoratlar, bog‘-rog‘lar, eng zamonaviy korxonalar bunyod etilmoqda. Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘tgan hafta ana shu zaminda bo‘ldi. Vodiyliklarning hayoti, ishlari bilan tanishdi, ular bilan samimiy suhbatlar qildi. Prezident rahbarligida kelgusidagi rejalar yana bir marta tahlil qilindi. Ushbu taassurotlarimiz vodiyning «Uch og‘ayni botirlar»idan biri – Farg‘ona viloyati haqidadir..

Bir maqolada Farg‘onada qilinayotgan ishlarning hammasi haqida to‘xtalish qiyin. Ammo, Farg‘ona shahrida yangi tashkil etilayotgan yo‘ldosh shaharcha – «Ekoshahar» to‘g‘risida alohida gapirmaslik mumkin emas. Mahobatsiz aytish mumkinki, 300 gektarlik maydonda qad rostlayotgan bu «Ekoshahar» – farg‘onaliklar qo‘li bilan bunyod etilayotgan mo‘’jiza – hademay nafaqat viloyatda, balki butun vodiyda eng yirik va obod kentlardan biriga aylanadi. Shaharcha Farg‘onada aholini uy-joy va ish bilan bandligini ta’minlash, tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik va imkoniyat yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash doirasida ishlab chiqarishning zamonaviy texnologik bazasini shakllantirish, barcha jarayonlarga innovatsiyalarni joriy etish, yuqori sifatli mahsulotlar yaratish va xizmat ko‘rsatishni ta’minlash hamda shu orqali hududda sanoat salohiyatini oshirish, iqtisodiyotni mustahkamlash maqsadida bunyod etilmoqda.

Shaharcha loyihasi mamlakatimiz rahbarining topshirig‘i bilan Janubiy Koreya tajribasi asosida ishlab chiqilgan. Bu yerda 7, 9, 12, 25 qavatli uylar qad rostlamoqda, qurilish ishlariga Janubiy Koreya, Turkiya davlatlarining kompaniyalari jalb etilgan. Hozirgi kunda «Yangi O‘zbekiston bog‘i» hamda «Kichik sanoat zonasi» tashkil etilgan. «Ekoshahar» hududida uy-joylar qurish, obodonlashtirish, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini tortish va «Yangi O‘zbekiston bog‘i» qurilishi uchun 6 trillion 131 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi. Bu yerda 85,5 ming aholi uchun 204 ta ko‘p qavatli uy qurish belgilangan. Yangi massivda 10 ta bog‘cha, 6 ta umumta’lim maktabi, poliklinika, masjid hamda sog‘lomlashtirish majmuasi ­bunyod etiladi. 15 ta ma’muriy idora qad rostlaydi.

«Yangi O‘zbekiston bog‘i» qurilishi uchun 60 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, tub aholi hamda mehmonlar uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida «Yapon mehmonxonasi», «Yapon bog‘i» va «Savdo majmuasi» qurilmoqda. «Ekoshahar» hududidagi 50 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Mazkur zona tashkil etilishi hisobiga yaratiladigan yangi ish o‘rinlariga, birinchi navbatda, soha mutaxassislari, hududdagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan hamda uyushmagan yoshlar va xotin-qizlarni jalb qilish orqali ularning bandligi ta’minlanadi.

Hozir hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish, qurilish va ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. «Yangi O‘zbekiston» massivi turkumiga kiruvchi ko‘p qavatli uylar bunyod etilmoqda. Farg‘ona mo‘’jizalaridan yana biri Oltiariq tumanidagi Katput massivining «Qo‘rg‘oncha» mahallasi hududida tashkil etilgan uzumchilik va bog‘dorchilik plantatsiyasidir.

Hammamizga ayonki, davlatimiz rahbari hududlarni rivojlantirishda ularning o‘ziga xos xususiyatidan va aholi ko‘nikmalaridan kelib chiqib ish tutish zarurligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Oltiariqliklar esa qadimdan shirin-shakar uzumlari bilan dong taratgan. Oltiariq uzumlari chet ellarda ham taniqli «brend»ga aylangan.
Bunday mahsulotlarni ko‘paytirish maqsadida tuman chekkasidagi ming gektar adirlikda uzumchilik va bog‘dorchilik plantatsiyasi tashkil etildi. Ilgari bu joy hech narsa ekilmaydigan quruq yer, toshloq edi. Qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish borasidagi ishlar natijasida xalqimiz rizq-ro‘zi uchun ming gektarlik yangi manba paydo bo‘ldi. Buning uchun quduqlar va hovuzlar qazilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev o‘tgan yilning 12-13 may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida mazkur uzumchilik va bog‘dorchilik plantatsiyasida bo‘lib, amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib chiqqanidan keyin ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Viloyat hokimligi hamda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini ривож­лантирish agentligi tomonidan o‘zlashtirilgan 1 000 gektar maydonda loyihada ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun qiymati 102 milliard so‘m bo‘lgan ishlar bajarildi. Bu pullarning asosini tijorat va mahalliy banklar krediti hamda mahalliy byudjet mablag‘lari tashkil etdi. Jahon banki 1 million AQSH dollari miqdorida grand ajratdi.

O‘zlashtirilgan yer maydonlari 1421 ta lotlarga bo‘linib, 560 gektarida uzum ko‘chatlari va 300 gektarida intensiv bog‘lar hamda 140 gektarida infratuzilma maydoni tashkil etilib, ushbu yer maydonlariga tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Buning uchun 15 dona tik quduq, 5 dona membrana hovuz qurildi. Tokzorlarda 5 turdagi «Husayni», «Kelin barmoq», «Mers», «Rizamat» va «Kishmish» navli uzumlar, intensiv bog‘larga esa olma, gilos, o‘rik ko‘chatlari ekildi. Hududda 4 ta yangi kooperatsiya «Yangi Qo‘rg‘oncha bog‘lari», «Oltiariq yangi bog‘lari», «Best kooperator», «Oltiariq yashil makon» ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi. Kelgusida қish­лоқ xo‘jaligi uchun 2 ta mini traktor, 13 ta yuk mashinasi sotib olinadi. Hududda 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etilib, ularga ishsiz yoshlar va ehtiyojmand oilalar, jumladan, xorijdan qaytib kelgan yurtdoshlarimiz ish bilan ta’minlanadi.

Bu yer zamonaviy agrosanoat majmuiga aylanadi – 1 ming 500 tonna sig‘imli muzlatkichli ombor, maishiy xizmat shoxobchalari barpo etiladi. Yana 6 ta mini traktor, 10 ta yuk mashinasi sotib olinadi. Bog‘ va tokzorlar endilikda aholiga bo‘lib berilmoqda. Ko‘zlangan maqsadlar va erishiladigan natijalar aniq: yetishtirilgan mahsulotlarning 30,4 foizi Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va MDH davlatlariga eksport qilinadi, 64,4 foizi ichki bozorga sotiladi hamda 5,2 foizi qayta ishlanadi.

bugungi kunda 1341 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, bu raqam kelajakda 3 145 taga ko‘payadi. 1 gektar yer maydonidan olinadigan daromad 180 – 200 million so‘mga, 1 nafar fuqaroning daromadi esa 45 – 50 million so‘mga yetajagi ham aniq-tiniq hisob-kitob qilingan.

– Men Rossiyada migrant edim, – дей­ди «Qo‘rg‘oncha» MFY fuqarosi Azizjon Ismoilov. – O‘tgan yili tokzordan 20 sotix yer berishdi. Toklar orasiga loviya, tarvuz, makkajo‘xori ekib, 15 million daromad oldim. Toklarim to‘liq hosilga kirsin, nasib bo‘lsa, haqiqiy millioner bo‘laman.

Azizjondek bo‘lg‘usi millionerlar bu yerda oz emas. Alqissa, mazkur uzumchilik va bog‘dorchilik plantatsiyasi aholi daromadini oshirish barobarida, yurtimiz eksporti salohiyatini oshirish uchun qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qiladi. Endi ikki og‘iz klaster deyilmish mo‘’jiza haqida. Ma’lumki, klaster atamasi lisonimizga kirib kelganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo, qisqa muddatda bu kalima kattayu kichik – hammaning yuragiga singib ulgurdi. Sababi esa ayon: klaster iqtisodiyotimiz yuksalishining ilhomchisiga aylandi. Buni Farg‘ona misolida, birgina paxtachilik sohasida ham ayon ko‘rish mumkin. 2022 yilda viloyatdagi 2 ming 509 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 82 ming gektar maydonga chigit ekildi Fermerlar 13 ta paxta to‘qimachilik klaster korxonalari bilan 285 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha shartnomalar imzolashdi. Astoydil qilingan mehnat o‘z samarasini ko‘rsatdi. 285,8 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirildi.

Viloyatda paxta hosildorligi ko‘rsatkichi 2021 yilga nisbatan 1,5 sentnerga oshdi. Ya’ni, 2021 yilda viloyatda paxta hosildorligi 33,3 sentnerni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 34,8 sentnerga yetdi. To‘qimachilik tarmog‘i xomashyo, eksport va aholi bandligida ulkan salohiyatga ega. Faqat ilmga asoslanib samaradorlikni oshirish, jaydaricha aytganda, «ishning ko‘zini bilish» kerak.

2018 yilda 300 nafar ishchi bilan birgalikda dastlabki ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor Muzaffar Razzoqov tez orada katta лойи­­ҳа – «Global textile group»ga asos soldi. 1500 ta yangi ish o‘rni yaratgan mazkur kompaniya yuqori sifatli mashinalarda bo‘yalgan va bosilgan trikotaj matolarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

«Global textile group» – dunyodagi eng yaxshi iplarni ishlab chiqaradigan O‘zbekistondagi yetakchi to‘qimachilik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Mazkur kompaniya guruhiga Toshkent va Farg‘ona shaharlarida joylashgan bir nechta yigiruv fabrikalari, to‘qish, bo‘yash ustaxonalari, paxta tozalash zavodi, шuniнг­дек, tomchilatib sug‘orish tizimiga ega paxta dalalari kiradi. Kompaniyada to‘liq klaster tizimi joriy etilgan bo‘lib, paxta yetishtirishdan tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichlari «Global textile group»da amalga oshiriladi.
bugungi kunda kompaniya o‘z mahsulotlarini Markaziy va Sharqiy Yevropa, Bangladesh, Turkiya, Xitoy, Rossiya Federatsiyasiga eksport qilmoqda, shuningdek, mahalliy bozorda sotmoqda.

Davlatimiz rahbari 2022 yil may oyida viloyatga tashrifi chog‘ida «Global textile infinity» klasterining ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi. O‘shandagi ko‘rsatmalar asosida loyiha jadallashtirilib, dekabrda ishga tushirildi.
Bu yerda paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning to‘liq jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. 132 million yevro evaziga katta fabrika tashkil etilib, Shveysariyaning «Rieter machine works» uskunalari o‘rnatilgan.

Korxona yiliga 18 million metr aralash mato hamda 10 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yevropa davlatlari va Xitoyga 85 million yevrolik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Buning uchun korxonada sifat laboratoriyasi tashkil etilgan. Yana bir muhim jihati, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalar qo‘llanmoqda. Inshootning tom qismiga quyosh panellari o‘rnatilmoqda. Bularning natijasida qariyb 23 foizgacha energiya samaradorligiga erishish mumkin.

Hozirgi birinchi bosqichda fabrikada 1 ming 500 nafar kishi ishlamoqda. Joriy yil martda fabrikada to‘qima mato ishlab chiqarish boshlanadi. Shuningdek, Uchko‘prik tumanida ip-kalava va mato tayyorlash hamda paxtani qayta ishlash korxonalari tashkil etilmoqda. Shunda klasterdagi jami ish o‘rni 4 ming 800 taga yetadi. Bu yerda o‘quv va kasanachilik markazi ham ochilgan. Unda korxona uchun zarur 4 ta yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlanmoqda.

– Besh yil avval yurtimizda yetishtirilgan paxta tolasining atigi 40 foizi qayta ishlangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, «Global textile infinity» misolida 100 foiz o‘zimizda paxtani qayta ishlashga guvoh bo‘lish mumkin. Tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish borasida tadbirkorlarga keng sharoit yaratib berish uchun mamlakatimizda alohida industrial zonalar tashkil etilmoqda. Korxonamiz joylashgan hudud «Oqtepa» kichik sanoat zonasi hisoblanadi. Bu yangi avlod korxonasi, – deydi «Global textile infinity» klasteri rahbari Muzaffar Razzoqov. – Ahamiyatli jihati shundaki, qurilish dasturiga muvofiq, korxona joylashgan hududga yaqin mahallalarni obodonlashtirish, aholi uchun elektr tarmog‘i liniyasini tortish, ichimlik suv olib kelish, ko‘chalarni asfaltlash, bog‘cha va maktablar qurish, yo‘l belgilari o‘rnatish, shahar markaziga borish yo‘nalishlarini shakllantirish, yoshlar uchun o‘quv markazlari qurish, maishiy chiqindilarni qayta ishlash va muqobil elektr energiya manbalari joriy etish kabi ijtimoiy loyihalar ham ko‘zda tutilgan. Germaniyada o‘qib, ishlab yurganimda yurtimizda shunday sanoat korxonasi qurishni orzu qilgandim. Orzuim ro‘yobga chiqayotganidan mamnunman.

Ha, orzulari ushalayotgan insonlar Farg‘ona tomonlarda oz emas. Bolaparvar, o‘smaga o‘ch kelinchaklar, tillaridan shukronalik tushmaydigan mo‘ysafid otalaru nuroniy onalar, kulguyu o‘ktam qahqahalari go‘dak nafasi yanglig‘ g‘uborsiz shabadalar kezib yurgan dala-dashtlarda aks-sado beradigan azamat yigitlar undan-da ko‘p. Olov qalblar yaratayotgan mo‘’jizalar mo‘’jizalarga ulanaversin!


Abdusaid KO‘CHIMOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

Manba: “Ishonch” gazetasi