Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizda diplomatik missiyasini yakunlayotgan favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonimni qabul qildi.

Ikki mamlakat rahbarlarining chuqur o‘zaro anglashuv va yaqin munosabatlari O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning do‘stona va strategik xarakterini belgilab bergani alohida ta’kidlandi.

T.Norboyeva O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aloqalar rivojlanish cho‘qqisida ekani, hamkorlik o‘zaro hurmat va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini alohida qayd etdi.

O‘z navbatida Szyan Yan O‘zbekiston rahbariyatiga bildirilgan yuksak ishonch va diplomatik missiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun qulay muhit yaratilgani uchun minnatdorlik bildirib, bundan keyin ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni  har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi.

Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni  mustahkamlash va rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlar rolini oshirishga qaratilgan konstruktiv yondashuvni hamda yuqori darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazorati ta’minlanishini to‘liq qo‘llab quvvatlashini bildirdi. Parlamentlararo hamkorlik guruhini faollashtirish hamda ikkala davlat  parlament delegatsiyalarining muntazam o‘zaro safarlarini yo‘lga qo‘yish borasida yakdillik bildirildi.

Uchrashuv yakunida Szyan Yanning davlatimizdagi diplomatik missiyasi davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirishga qo‘shgan hissasi e’tirof etilib, kelgusida ham ikki davlatning o‘zaro munosabatlarini rivojlantirishda tizimli hamkorlik davom ettirilishi ta’kidlandi.

 

O‘zA