O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi dasturi doirasida “Vahat Al Karama” yodgorlik majmuasi va “Shayx Zoid” masjidida bo‘ldilar.

“Vahat Al Karama” yodgorlik majmuasida uning ijrochi direktori Shayx Xalifa bin Tahnun bin Muhammad Ol Nahayon O‘zbekiston delegatsiyasini kutib oldi.

“Qadr-qimmat vohasi” ma’nosini anglatuvchi ushbu memorial BAA Prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayonning buyrug‘i bilan Birlashgan Arab Amirliklari ozodligi va birdamligi uchun qurbon bo‘lganlar sharafiga bunyod etilgan.

Oliy Majlis Senati Raisi Amirliklar uchun o‘z jonini fido qilgan qahramonlarga hurmat bajo keltirdi va majmuaning Faxriy mehmonlar kitobida dastxat qoldirdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi “Shayx Zoid” masjidiga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari masjidning tashkil etilishi tarixi bilan yaqindan tanishdilar.

“Shayx Zoid” masjidi BAA asoschisi Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayonning g‘oyasiga ko‘ra bunyod etilgan bo‘lib, majmuaning asosiy maqsadi mahalliy aholi va poytaxt mehmonlari uchun turli xalqlar madaniyatini bog‘laydigan maxsus ziyorat maskanini yaratishdan iborat bo‘lgan. Masjid 106 metr balandlikdagi to‘rtta minora bilan o‘ralgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari “Shayx Zoid” masjidining Faxriy mehmonlari kitobida o‘z dastxatini qoldirdi.

 

O‘zA