Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda suv xo‘jaligi tizimida jami 73 ta suv ombori va sel-suv ombori, 1 ming 688 ta nasos stansiyasi, 49 ta GES va boshqa ob’ektlar mavjud. Ularning xavfsizligini ta’minlash va sohaga oid munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini mustahkamlashda avvalo inson salomatligi va aholi muhofazasi bosh maqsad bo‘lishi zarur.

Shu bois, qonun loyihasida gidrotexnika inshootlarini o‘z vaqtida ta’mirlash-tiklash va rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, loyihalash ishlarida xorijiy ekspertlarni keng jalb etish bo‘yicha aniq normalar belgilanmoqda. Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish masalalari o‘z aksini topmoqda.

Shuningdek, sohada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyatlar kelib chiqishining oldini olish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, amaliy va innovatsion loyihalarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, sohada malakali kadrlarni tayyorlash hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari belgilanmoqda.

— Qonun loyihasida gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi ustidan davlat nazoratini va tekshiruvni amalga oshirish, gidrotexnika inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilishga doir loyiha oldi va loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, ulardan foydalanish qoidalarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ravshan Begmatov. — Shu bilan birga, gidrotexnika inshootlarini bir yilda kamida ikki marta tekshiruvdan o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilishda qonun loyihasidagi normalar deputatlar bergan takliflar asosida maromiga yetkazilayotgan bo‘lsa, ayrim moddalar chiqarib tashlanmoqda. Xususan, gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchilar va mazkur inshootlarni qurishda pudrat tashkilotining majburiyatlari, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlashga qo‘yiladigan asosiy talablar deputatlar bergan takliflar asosida maromiga yetkazildi.

Qonun loyihasini takomillashtrish ishlari davom etmoqda.

 

O‘zA