Rossiya o‘z yadro kuchlari mashqini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotgani bois, AQSH ham bu boradagi pozitsiyasini o‘zgartirmaydi, deb bayonot berdi Pentagon rasmiy vakili o‘rinbosari Sabrina Singx.

– Biz ham o‘z tayyorgarligimizni o‘zgartirishga hech qanday sabab ko‘rmadik, –  dedi u. – Rossiya yadro qurolidan foydalanishni rejalashtirayotganiga dalil yo‘q.

Dushanba kuni Bosh qo‘mondonlik Prezident Vladimir Putin ko‘rsatmasi bilan yaqin orada nostrategik yadro qurolini ishlatishga tayyorgarlik mashqini o‘tkazishga kirishish tadbirlarini boshlagan. Tashqi ishlar vazirligi ta’kidlashicha, ushbu mashg‘ulot o‘tkazilishi qarorini g‘arb rasmiylarining so‘nggi paytdagi tahdidli bayonotlari va NATOning beqarorlashtiruvchi kuchlari harakati bilan bog‘lash kerak.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga fransuz askarlarini jo‘natish ehtimoli mavjudligini aytdi, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron esa Ukraina Qurolli kuchlari Britaniya bergan raketalar bilan Rossiya hududiga zarba berishi mumkin, dedi. Bundan tashqari Polsha Amerikaning yadro qurolini o‘z hududiga joylashtirishi kerakligi yuzasidan yana bayonot bilan chiqdi.

Seshanba kuni Belarusda ham strategik yadro qurolini eltuvchi vositalar tekshirila boshlandi. Prezident Aleksandr Lukashenko mazkur ommaviy qirg‘in quroli mudofaa uchun mo‘ljallanganini bildirgan.