Joriy yilning 27-aprelidan 7-may kuniga qadar Qozog‘istonning Ostona shahrida yoshlar va 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.

Chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi har ikkala yosh toifasida to‘liq tarkib bilan ishtirok etdi. Musobaqa avvalida mutaxassislar yosh bokschilarimizning chempionatda g‘olib bo‘lish imkoniyati yuqori ekanini ta’kidlagan edi va bu fikrlar to‘g‘ri ekanini charm qo‘lqop ustalarimiz qayd etgan natijalarda ko‘rishingiz mumkin.

Jumladan, qit’amizning 15 davlatidan kelgan bokschilar bahsida yoshlar terma jamoamiz 7 ta oltin, 3 ta kumush va 12 ta bronza jami 22 medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rindan joy oldi. Mezbon Qozog‘iston esa 11 oltin, 4 kumush va 9 bronza bilan birinchi, Hindiston termasi 5 ta oltin, 9 ta kumush hamda 8 ta bronza bilan uchinchi pog‘onaga joylashdi. Terma jamoamiz medal jamg‘arishda Xitoy, Eron, Vetnam, Janubiy Koreya va Mo‘g‘uliston kabi boks sport turi jadal rivojlangan bir qator mamlakat termalarini orta qoldirdi.

Shuningdek, Osiyo chempionatida 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilarimiz 4 ta oltin, 6 ta kumush va 10 ta bronza medali bilan kuchli uchlikdan joy oldi. Mazkur yosh toifasida asosiy final janglari aynan vakillarimiz, Qozog‘iston va Hindiston davlatlari charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida o‘tdi. Umumjamoa hisobida medal jamg‘arishda mezbon Qozog‘iston jamoasi birinchi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin esa Hindiston termasiga nasib etdi.

Mazkur yosh toifasida Osiyo chempionatining «Eng yaxshi erkak bokschi»si sovrini vakilimiz Jahongir Zokirovga topshirildi.

Shunday qilib, bu yilgi qit’a chempionati o‘zbek bokschilari uchun yorqin g‘alabalarga boy bo‘ldi. Umid qilamizki, bu yosh toifasidagi charm qo‘lqop ustalarimiz kelgusida bundanda yuqori natijalarni qayd etadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA